Vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama etildi
2025-03-11 16:00:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi.
Bugun, 11-mart kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha dolzarb vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda, Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Sayidaziz Aliyev, vazirning birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o'rinbosarlari Murodjon Majidov, Yusufjon Usmonov, vazirlikning markaziy apparati vakillari, shuningdek, Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari rahbarlari (ZOOM platformasi orqali) qatnashishdi.
Mazkur yig‘ilishda Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari rahbarlarining kun tartibidagi masala bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Yig'ilish davomida yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratilganligi, alohida qonunlar qabul qilinganligi, Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va agentlik tashkil etilganligi, eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilganligi, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganligi, korrupsiya har qanday davlatning ertangi kuni, kelajagi uchun xatarli, tahdidli kushandasi ekanligi, iqtisodiyotga katta zarar yetkazib, mamlakat taraqqiyotini izdan chiqarishi mumkinligi, shu boisdan mamlakatimizda bu borada qator huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi haqida ta'kidlandi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan vazirlik hududiy tarkibiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ'ibot ishlari muntazam olib borilayotganligi hamda korrupsiya hamda manfaatlar to'qnashuvi to'g'risida xabar berish aloqa kanallari haqida vazirlikning rasmiy sahifalarida e'lonlar berib borilayotganligi, ya'ni korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganligi ma'lum qilindi.
Ma'lumot uchun: Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.