O‘zbekiston davlat drama teatrida spektakl premyerasi bo‘lib o‘tdi
2025-03-12 10:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston davlat drama teatrida Go‘zaloy Matyoqubova qalamiga mansub asar asosida rejissyor Bahodir Mirmaqsudov tomonidan sahnalashtirilgan "Hukm" spektaklining maxsus premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Maxsus premyerada madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda soha ziyolilari ishtirok etib, teatr ijodkorlarining katta mehnati va izlanishlari natijasida sahnalashtirilgan mazkur asarni nafaqat san’at ahli, balki keng jamoatchilik uchun ham muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Sahna asari voqealari mustaqil hokimiyat sifatida e’tirof etiladigan sud tizimi, sudya faoliyati va sudlov jarayonlarini qamrab oladi. Spektakl odillik, adolat va inson taqdiri kabi murakkab mavzularni o‘zida jamlagan bo‘lib, tomoshabinga huquqiy tizimning ichki jarayonlari haqida taassurot uyg‘otadi.
Spektakl ijodiy jamoasi "Hukm" asari nafaqat professional san’atkorlar, balki keng jamoatchilik tomonidan ham iliq qarshi olinishiga umid bildirdi. Teatr rahbariyati kelgusida spektakl ommaviy namoyishga qo‘yilishini ma’lum qildi.