O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaning 65 yoshi munosabati bilan O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi
2025-04-14 21:50:00 / Yangiliklar

Bugun, 14-aprel kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatri ustoz san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova qutlug‘ 65 yoshi munosabati bilan teatrda ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov so‘zga chiqib, O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaning qutlug‘ 65 yoshi bilan muborakbod etdi.
"O‘zbek Milliy akademik teatrining xalqqa sevimli qilishda O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaning o‘rni beqiyos. Muqaddas opa, nafaqat teatrda balki kino va dublyaj san’atida ham o‘z o‘rni va o‘z ovoziga ega san’atkor. Ayniqsa, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida yaratgan rollari – jumladan, “O‘tgan kunlar”da To‘ybeka, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da Sotti, “Chimildiq”da Ona, “Mirzo Ulug‘bek”da Gavharshodbegim va “Ko‘ngil”da Zuhra obrazlari bilan tomoshabinlarning qalbiga kirib bordi. Muqaddas opaning teatr va kinoda yaratgan rang-barang komik obrazlarini millionlab muxlislar doimo katta qiziqish va e’tibor bilan kutib oladi. San’atkorning betakror iste’dodi, mahorati va har bir obrazga nisbatan mas’uliyati bunga arziydi, albatta. Siz, sahna san’atimizning muhtarama darg‘asini, soha fidoyisini qutlug‘ 65 yoshingiz bilan chin qalbimizdan tabriklab, o‘zimizning chuqur hurmat va ehtiromimizni bildiramiz" - dedi Avazxon Tadjixanov.
So‘ng, Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini Muqaddas Xoliqovaga tantanali topshirdi.
Tadbirda yig‘ilgan madaniyat va san’at sohasi vakillari O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaning 65 yoshi bilan muborakbod etdi.
Madaniyat vazirligi jamoasi O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqovaning tavallud ayyomi bilan muborakbod etadi.