Xivada o‘tkazilayotgan “IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” haqida PRESS-RELIZ
2025-04-25 18:00:00 / Press-relizlar
Baxshichilik – ming yilliklar bilan yuzlashgan xalqona va boqiy san’atdir.
Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati eng avvalo uning og‘zaki ijodi folklor san’atida, doston va eposlarida mujassam topgan bo‘lib, ular millatning o‘zligini anglash, uning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va an’analarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi.
O‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida, 2019-yildan buyon “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” o‘tkazilib kelinmoqda.
Festival ilk marotaba 2019-yilda Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan, shuningdek, 2021-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 2023-yilda esa Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan.
Joriy yilning 26-28-aprel kunlari Xivada YUNESKO va AYSESKO shafeligida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkaziladi. Festivalda dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan 200 nafarga yaqin vakillarning ishtirok etishi kutilmoqda.
26-aprel kuni Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi tashkil etiladi.
26-27-aprel kunlari festival doirasida “Ikkinchi Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.
27-aprel kuni xorijiy davlatlar va O‘zbekiston vakillari o‘rtasida festival doirasidagi xalqaro tanlov o‘tkaziladi.
28-aprel kuni festivalning tantanali yopilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Festivalning xalqaro tanlovida hakamlar hay’ati a’zolari tarkibi O‘zbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Quvayt, Mo‘g‘uliston davlatlari vakillaridan shakllantirilgan.
Ma’lumot uchun: “Gran-Pri” mukofoti - 7 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
1-2-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar uchun mos ravishda har bir yo‘nalishda 2 ta nominatsiya (Doston ijrochiligi yo‘nalishi, Cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi) bo‘yicha 5 000, 3500, 2500 AQSH dollaridan mukofotlanadi.
Shuningdek, festivalda faxriy mehmon sifatida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova, AYSESKO Xalqaro hamkorlik sektori rahbari Z.Muhammed, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy Akademiya Prezidenti Shahin Mustafayev, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari G.Abdukalikova hamda turkiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorilari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
Festivalda ishtirok etayotgan davlatlar: Ummon, Gabon, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Koreya, Kuvayt, Malayziya, Mavritaniya, Misr, Marokash, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston, Vengriya, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Serbiya, Belarus Respublikasi, Fransiya, Afg‘oniston, Yaponiya, Buyuk Britaniya, S’yerra-Leone, Shvesiya, Iordaniya, Shvesariya, Sudan, Turkiya, Bolgariya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Tunis, Slovakiya, Filippin, Qatar, Pokiston, O‘zbekiston.
Qo‘shimcha ma’lumotlar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2018-yil 1-noyabrdagi PQ-3990-son qaroriga muvofiq, har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Termiz shahrida ilk marotaba 2019-yil I Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazilgan bo‘lib, unda turli mamlakatdan folklorshunos olimlar ishtirok etgan. 2021-yil Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston madaniyati va baxshichilik san’atining boy merosini namoyon etgan. 2023-yilda III Xalqaro baxshichilik festivali Guliston shahrida turli mamlakatning musiqashunos, folklorshunos, baxshilar va ijrochilarni bir yerga jamlagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4320-sonli qarorida ta’kidlanganidek, xalqimizning yuksak badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu noyob san’atni asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulug‘ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis qilinganini qayd etish lozim.