O‘zbekistonda 4-marotaba “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” o‘tkazildi
2025-04-29 20:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 26-28-aprel kunlari Xivada YUNESKO va AYSESKO shafeligida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazildi. Unda, dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan 200 nafarga yaqin vakillar ishtirok etishdi.
Baxshichilik – ming yilliklar bilan yuzlashgan xalqona va boqiy san’atdir. Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati eng avvalo uning og‘zaki ijodi folklor san’atida, doston va eposlarida mujassam topgan bo‘lib, ular millatning o‘zligini anglash, uning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va an’analarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi.
O‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida, 2019-yildan buyon “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” o‘tkazilib kelinmoqda.
Festival ilk marotaba 2019-yilda Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan, shuningdek, 2021-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 2023-yilda esa Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan.
26-aprel kuni Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Festivalning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administrasiyasi departamenti rahbari Abdurahmonov Odil Qalandarovich, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova, AYSESKO Xalqaro hamkorlik sektori rahbari Z.Muhammed, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy Akademiya Prezidenti Shahin Mustafayev, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Gulbara Abdukalikova hamda turkiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorilari ishtirok etishdi.
Festivalning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ishtirokchilariga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administrasiyasi departamenti rahbari Abdurahmonov Odil Qalandarovich o‘qib eshittirdi.
26-27-aprel kunlari festival doirasida “Ikkinchi Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Mazkur anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik san’ati tarixi va jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni haqidagi qiziqarli ma’ruzalarini taqdim qildilar. Xususan, filologiya fanlari doktori, professorlar Karl Reichel, Fikrat Turkman, Eunkyung Oh, Hikmat Guliyev, Og‘uz Mehmet Ojal, Ismet Chetin, Anarboy Buldiboy, Selami Fidakor, Metin Ekiji, Talantali Bakchiyev, Gulnor Husainova, Aynur Ibrahimova kabi xalqaro miqyosda taniqli folklorshunos olimlar sohaning dolzarb muammolari haqida ma’ruza qildilar.
Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og‘zaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga aloqador ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etdilar.
Shuningdek, TURKSOY qoshidagi “Turkiy davlatlar san’at universitetlari ittifoqi” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Shundan so‘ng bir qator nufuzli OTM hamda Madaniyat markazlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu xalqaro shartnomalar imzolanishidan asosiy maqsad, tegishli muassasalar o‘rtasida madaniyat va ta’lim sohasida aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvi, musiqa san’ati, milliy-madaniy meros va san’at sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ikki tashkilot o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish va yanada rivojlantirish, madaniy almashinuvni rivojlantirish maqsadida milliy musiqa san’ati namunalarini taqdim etish, madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun o‘zaro shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iboratdir.
27-aprel kuni xorijiy davlatlar va O‘zbekiston vakillari o‘rtasida festival doirasidagi xalqaro tanlov o‘tkazildi.
28-aprel kuni festivalning tantanali yopilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Xorazm viloyati hokimi Jo'rabek Rahimov hamda festivalning xalqaro tanlovida hakamlar hay’ati a’zolari: O‘zbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Quvayt, Mo‘g‘uliston davlatlarining vakillari ishtirok etib g‘oliblarni taqdirlashdi.
“Gran-Pri” mukofoti – Ozarbayjonning - “Oshiqlar” guruhiga, 1 - o‘rin o‘zbekistonlik Jumatova Muyassarga hamda Turkmanistonning “Turkmaniston milliy baxshilar” guruhiga, 2 - o‘rin o‘zbekistonlik Abdullayev Usmonjonga hamda qozog‘istonlik Turikpen Kensuluga, 3 - o‘rin o‘zbekistonlik mo‘g‘ulistonlik Ikxagvasuren Lkxamragcha, rossiyalik Stepanova Aksiniya, o‘zbekistonlik Ahmedov Ziyodillolarga nasib etdi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2018-yil 1-noyabrdagi PQ-3990-son qaroriga muvofiq, har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Termiz shahrida ilk marotaba 2019-yil I Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazilgan bo‘lib, unda turli mamlakatdan folklorshunos olimlar ishtirok etgan. 2021-yil Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston madaniyati va baxshichilik san’atining boy merosini namoyon etgan. 2023-yilda III Xalqaro baxshichilik festivali Guliston shahrida turli mamlakatning musiqashunos, folklorshunos, baxshilar va ijrochilarni bir yerga jamlagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4320-sonli qarorida ta’kidlanganidek, xalqimizning yuksak badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu noyob san’atni asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulug‘ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis qilinganini qayd etish lozim.