Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlangan unutilmas musiqiy oqshom bo‘lib o‘tdi
2025-05-02 09:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida o‘zbek san’ati afsonasi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov ijodiga bag‘ishlangan nostalgiya konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Botir Zokirov nomidagi milliy estrada simfonik orkestri tomonidan taqdim etilgan mazkur taassurotli musiqa oqshomida san’atkorning yuraklardan joy olgan, hissiyotli mashhur qo‘shiqlari jonli ijroda yangradi.
Ushbu oqshomda sahna — musiqa va san’atga bo‘lgan mehr, ehtirom va sog‘inchga to‘la haqiqiy bayramga aylandi. Ayniqsa, "Umid", "Ra’no", "Arab tangosi", "Habiba", "Maro bebus", "Yor kel", "Qaydasan", "Ismingni topmay hamon", "O‘zbekiston" kabi o‘lmas asarlar qalblarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Mazkur dasturda O‘zbekiston xalq artistlari Farruh Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Jenisbek Piyazov, xalqaro tanlovlar sovrindorlari Damir Rahmonov, To‘lqin Tojiyev, Aslbek Halimov, Sardor Shavkatov, xonandalar Isroil Saidumarov, Sayyora Zokirova, Anatoliy Nazarov hamda "Sharq" ansambli ishtirok etishib, Botir Zokirovning sog‘inchli qo‘shiqlarini muxlislarga yuksak mahorat bilan taqdim etishdi.
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada simfonik orkestri badiiy rahbari O‘zbekiston san’at arbobi Alisher Ikromov, orkestrning mahoratli dirijyori Bobur Qurbonaliyev tashabbusi bilan taqdim etilgan ushbu konsert dasturi haqiqatan ham ko‘ngillarga quvonch baxsh etdi.
O‘ktamjon Shokarimov boshchiligidagi Yoshlar xori esa konsertning jozibadorligini oshirishi barobarida, o‘zgacha chiqishlari bilan e’tiroflarga ham sazovor bo‘lishdi.
E’tiborlisi, dasturdagi har bir qo‘shiq tomoshabinlarni o‘zbek madaniyati va san’atining oltin sahifalariga, shuningdek, bolalik va yoshlik xotiralariga qaytara oldi.