“Eshelon Samarqandga boradi” badiiy filmining bir qismi Vengriyada tasvirga olinishi rejalashtirilmoqda
2025-05-06 14:00:00 / Yangiliklar

Budapeshtda Vengriya-Turkiy davlatlarining madaniyat, oliy ta’lim va innovatsiyalar masalalari bo‘yicha sammiti bo‘lib o‘tganligi haqida xabar berilgan edi.
Sammit davomida O‘zbekiston Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov Vengriya kino instituti rahbari Chaba Kayel, “Petofi” madaniyat agentligi maslahatchisi Reka Ksuri Banyai bilan uchrashuv o‘tkazilib, bir qator masalalarda hamkorlik ishlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning “New State Pictures Ltd” studiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan “Eshelon Samarqandga boradi” badiiy filmining bir qismi Vengriyada ham suratga olinishi yuzasidan kelishib olindi.
Shuningdek, Avazxon Tadjixanov Vengriya bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan “Herman Vamberi va mulla Ishoq” filmining suratga olish ishlari bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun: “Samarqandga yo‘l olgan eshelon” romani haqida – tatar yozuvchisi Guzel Yaxinaning 2021-yil mart oyida chop etilgan romani bo‘lib, unda Volga daryosi bo‘yida yashaydigan va ochlikdan azob chekayotgan besh yuz nafar bolani qutqarish haqidagi voqealar yoritilgan.
Romanning voqealari 1923-yilda och Volgabo‘yi bolalarini janubga olib ketayotgan „Dzerjinskiy“ poyezdlaridan birida sodir bo‘ladi. Qozondan Samarqandga yo‘l olayotgan eshelonga fuqarolar urushining yosh va ko‘ngli bo‘sh faxriysi Deev hamda prinsipial va qat’iyatli „bolalar komissari“ Belaya rahbarlik qiladi. Kitob o‘zining dinamik syujeti bilan ajralib turadi.
Muallifning ta’kidlashicha, roman hujjatli manbalarga asoslangan: tarixchilarning asarlari, dehqonlarning xatlari, ichki idoraviy yozishmalar, bolalar uylari va qabulxonalaridan olingan hujjatlar, gazetalar, xotira kitoblari, shuningdek, bevosita uysiz bolalar bilan ishlagan, ochlikka qarshi kurashgan va aholini ko‘chirish bilan shug‘ullangan kishilarning esdaliklari joy olgan.