Vazir Ozodbek Nazarbekov rahbarligida vazirlik Matbuot xizmatining faoliyati sarhisob qilinib, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan mas’ullarga vazifalar belgilandi
2025-06-13 12:00:00 / Yangiliklar

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov rahbarligida vazirlik Matbuot xizmatining 2024-yil yakuni va 2025-yilning I choragi sarhisob qilindi.
Unda, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidov va vazirlikning markaziy apparati vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, videokonferensaloqa orqali vazir o‘rinbosari Yusufjon Usmonov hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari rahbarlari va xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilish avvalida, vazir Ozodbek Nazarbekov matbuot sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar haqida to‘xtalib, o‘z fikrlarini bildirdi.
“Axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan hozirgi davrni tom ma’noda “Axborot asri” deb atash mubolag‘a emas. Zero, bu asrda axborotning o‘rni va ta’siri beqiyos darajada ortmoqda. Sir emaski, globallashuv jarayoni ham aynan shu axborot texnologiyalari orqali tobora kengayib, hech qanday chegarani tan olmay qo‘ydi. Bugungi kunda butun dunyoda insonlar qurolli to‘qnashuvlardan ko‘ra ko‘proq axborot urushi qurboniga aylanmoqda. Bu holatni barchamiz ko‘rib, his qilib turibmiz.
Biz xohlaymizmi yo‘qmi ushbu jarayonli zamonda yashab, ishlab kerak bo‘lsa hayotimizning bir bo‘lagi sifatida qabul qilmoqdamiz. Boshqachasiga yo‘l yo‘q, bu hozirgi globallashuv jarayoni talabi bo‘lib, biz unga ergashamiz yoki zamon shiddatidan ortda qolamiz.
Keling bu sohada bizda vaziyat qanaqa? Avvalambor o‘zimizni tahlil qilishdan boshlasak” – dedi vazir Ozodbek Nazarbekov yig‘ilish davomida.
So‘ng, sohada amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisobot bilan tanishtirish maqsadida so‘z navbati Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari — vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sirojiddin O‘sarovga berildi.
“Assalomu alaykum hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari, barchangizga ma’lum bugungi kunda vazirlik Matbuot xizmati o‘z faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarimiz, rasmiy veb-saytlarimiz, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan matbuot anjumanlari, brifinglar, media-turlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib kelmoqdamiz.
Keling, qisqacha 2024-yil yakuni va 2025-yilning I choragi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot bersam.
2024-yil davomida Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar matbuot xizmatlari tomonidan tayyorlangan xabarlar OAVlar bilan hamkorlikda umumiy hisobda 51 mingdan ortiq material mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Shuningdek, 2024-yil davomida mahalliy ommaviy axborot vositalarida soha keng yoritildi hamda dunyoning eng nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilindi, jumladan: Fransiyaning “EuroNews” telekanali, Buyuk Britaniyaning “BBC Jahon Xizmati”, Germaniyaning "Berliner Zeitung“ tahririyati, Italiyaning “La Nazione” tahririyati va boshqa Evropa davlatlari, Xitoyning CCTV telekanali, Hindistonning Press Trust of India axborot agentligi, Pokistonning Ary teleradikompaniyasi, shuningdek, bir qator arab va turkiy davlatlar, Rossiyaning 10dan ziyod nufuzli OAVlarida yoritildi.
Shu bilan birga, vazirlik Matbuot xizmati tomonidan 2024-yilda Qatar va O‘zbekiston madaniy munosabatlari haqida hujjatli film, vazirlik bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlari faoliyati haqida alohida reportajlar va bundan tashqari “Madaniyatnoma” tahliliy-informatsion dasturi, shuningdek, ilk marotaba Matbuot xizmati hamda Murojaatlar bo‘limining tashabbusi bilan “Vazirning onlayn qabuli” amalga oshirildi.
Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Matbuot xizmatlarining faoliyati samaradorligi har yil yakunida sarhisob qilinadi. 2024-yil yakunlari sarhisob qilinganda respublikadagi vazirliklar o‘rtasida Madaniyat vazirligi reytingda 83 ball bilan baholanganligi bu juda yaxshi natija, vaholanki 2023-yil yakuni 59 ball bilan sarhisob qilingan edi.
2025-yilning I choragi davomida ham xizmat tomonidan yaxshi ko‘rsatgichlarga harakat qilindi. Xususan, 10 mingdan ortiq xabar va yangilik OAVda yoritildi. Umuman olganda, vazirlik Matbuot xizmati tomonidan madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan mahalliy va xorijiy tadbirlar haqida keng jamoatchilik xabardor etib borilmoqda.
Yutuqlar o‘zimizniki, lekin kamchiliklar ham talaygina, misol sifatida 2025-yilning I choragi davomida tizimdagi yangilik va xabarlarni keng ommaga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilsak” – dedi vazirlik Matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov va hududlar, tizim tashkilotlari faoliyatini tahlil qildi.
“Albatta 2024-yil va 2025-yilning II choragi davomida vazirlik Matbuot xizmati bor imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilib, vazirlik haqida keng jamoatchilikka xabarlarni taqdim etdi, ammo men bir millatning madaniyatini saqlab qolish, ma’naviyatini tashqi tahdidlardan asrash va o‘sib kelayotgan yoshlar ongida millatning bebaho urf-odatlarini, qadriyatlarini keyingi avlodlarga butunligicha yetkazishga mas’ul vakil, vazir sifatida shuni ayta olamanki yuqoridagi ishlarning o‘zi yetarli emas.
Shuning uchun, biz vazirlik jamoasi qolaversa, butun tizim targ‘ibotchi sifatida vaziyatga to‘g‘ri baho berib, xizmat faoliyatiga ham ma’naviy ham moddiy ko‘makchi bo‘lsak to‘g‘ri yo‘lni boshini tutgan bo‘lamiz.
Ta’kidlash joizki, Matbuot xizmati bugun yangi ruh bilan ishlamoqda, kreativ tarzda tezkorlik bilan ommaga xabarlar va yangiliklarni olib chiqmoqda. Lekin bu degani hammasi joyida degan xulosa noto‘g‘ri.
Shuning uchun, sohani qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish uchun 2025-yilning II yarim yilligida kamchiliklarni bartaraf etish va berilgan topshiriqlarni ijrosini ta’minlashingizni qat’iy so‘rayman” – deya mas’ullarga topshiriqlar berdi vazir Ozodbek Nazarbekov.