O‘zbek dramaturgining asari Dog‘istonda sahnalashtirilmoqda
2025-06-14 22:00:00 / Yangiliklar

Taniqli o‘zbek adibi va dramaturgi Qo‘chqor Norqobilning “Soyangga ham sir aytma” (“Uydagi gap ko‘chada”) komediyasi Dog‘iston Respublikasi madaniyat vazirligi davlat buyurtmasiga asosan Darbent - Ozarbayjon Davlat drama teatrida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Shu kunlarda mazkur asar repetitsiyasi yakuniga yetmoqda.
Komediya premyerasi shu yilning 22-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Davrning dolzarb mavzusi aks etgan sahna asarida odamzodning internet va turli ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, qo‘l telefonga batamom bog‘lanib o‘zidan uzoqlashayotgani, eng muhimi, nozik tuyg‘u va insoniy hissiyotlardan ham mosuvo bo‘la boshlagani hayotiy voqeliklar asosida ta’sirchan ifodalangan.
– Asarining rus tilidagi nusxasi bilan tanishib chiqqach, ayni hayotimizning og‘riqli jihati, Kavkaz xalqlarining ham turmush tarzi, butun insoniyat hayotiga tegishli xavotirli masala qalamga olinganini his etdik. Achchiq kulgi ostida tasvirlangan voqeliklar zamirida insonni hushyorlikka undovchi bezovtalik, alamli hayqiriq sezilib turadi. Qisqasi, asarda bugun dunyoni odamiylik va ma’naviyat qutqarishi haqida bong urilgan,– deydi teatr bosh direktori, Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Firdousi Askerov.
– Komediya ko‘pmillatli Dog‘iston respublikasida ozarbayjon tilida, ruscha subtitr (izoh matn) orqali namoyish qilinadi. Spektakl ommani o‘ziga jalb etishiga ishonamiz. Chunki, unda bugungi kun odamlari, jumladan, dog‘istonlik tomoshabinlar ham o‘zini ko‘radi, – deydi teatr bosh rejissyori, Ozarbayjon Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Sarvar Aliyev. – Quvonarli tomoni, asarni sahnalashtirish uchun o‘zbekistonlik rejissyor Farhod Boynazarovni taklif qilganmiz. Xalqlarimiz orasida madaniy aloqalar rivojida ushbu asar namoyishi muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman.
Komediyada rollarni Dog‘iston respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar — Magerram Omarov, Yoqut Xandadashova, Rohila Omarova, Shukufa Melikova, Mohir Melikov hamda mahoratli aktyorlar Mirzog‘a Sum – Sum, Ali Agalarov, Orxan Aliyev, Tamilla Mixrabova ijro etishadi.
Sahnaviy bezak ishlari Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan rassom Demir Isakov tomonidan amalga oshirilgan.
Albatta, yurtdoshimiz qalamiga mansub asarning o‘zga yurt teatri sahnasiga ham munosib ko‘rilishi o‘zbek adabiyoti va san’atining faxrlanishga arziydigan yutug‘idir. Ushbu muvaffaqiyat bilan biz adibimizni qutlaymiz!