Madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va ommalashtirish bilan bog‘liq faoliyatni yanada takomillashtirish borasida qilingan ishlar yuzasidan Madaniy meros agentligi Matbuot kotibi Mohinur Imomovaning BRIFINGI
2024-06-06 11:25:00 / Matbuot anjumanlari

Yurtimizda madaniy meros obyektlarini himoya qilish, ularni qayta tiklash va mavjudlarini muhofaza qilish borasida har yili bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, 2023-yil yakuni va 2024-yilning 1-choragi holatiga ko‘ra, xorijdagi kutubxona, muzey, fond yoki boshqa ilmiy-madaniy muassasalarda (Daniya, Hindiston, Misr va boshqalar) saqlanayotgan mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid numizmatika, sopol buyumlar, taqinchoqlar, qo‘lyozmalardan iborat 457 ta madaniy boylikning ilmiy tavsifi tayyorlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5186-sonli qarori doirasida Germaniya, Misr, Hindiston va Fransiya davlatlari kutubxona va fondlarida saqlanayotgan 366 ta qo‘lyozma nusxalari aniqlanib, tavsifi va ro‘yxati tuzildi va O‘zbekiston Innovatsiya, texnologiya va strategiya markaziga topshirildi. Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Prinston universiteti kutubxonasi, Buyuk Britaniyadagi Britaniya kutubxonasi, Ispaniya qirolligi Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiy, G‘iyosiddin Koshiy, Najib Samarqandiy, Imom Buxoriy kabi mutafakkirlarimizning aniq va ijtimoiy fanlar hamda tibbiyotga oid 9 ta qo‘lyozmasining elektron nusxalari olindi.
2024-yilda “O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri”ning 2- va 3- tomlari nashr etildi.
Ushbu reyestrning uchala tomida jami 150 dan ortiq alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 3159 ta qo‘lyozma haqidagi ma’lumotlarning ilmiy tavsifi jamlangan. Mazkur nashrlarni Tashqi ishlar vazirligining amaliy yordamida xorijdagi markaziy kutubxona, fond, ilmiy-tadqiqot markazlariga, Respublikadagi ilmiy-madaniy muassasalar va oliy o‘quv yurtlariga, Agentlik tizimidagi tashkilotlarga, shuningdek, soha mutaxassislariga beg‘araz tarqatilishi tashkil etildi.
Mamlakatimizda joylashgan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ularni asrab-avaylash borasida budjet mablag‘laridan har yili yetarli darajada ajratilib, ularning himoyasi uchun sarflanmoqda. Xususan, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar
1 485,2 mln so‘mni tashkil etgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi "Ma’muriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida Qurilish vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarida inklyuziv sharoitlarni yaratish bo‘yicha yagona minimal talablar ishlab chiqildi. Mazkur talablarda 2025-yildan boshlab turistlar tashrif buyuradigan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini restavratsiya qilish, tuzatish, ta’mirlash va arxeologiya merosi obyektlarini konservatsiyalash, ularni hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirishda madaniy meros obyektlariga zarar yetkazmagan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun minimal sharoitlarni yaratish belgilab berilgan.
Hozirgi vaqtga qadar 142 ta madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarining restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari boshlab yuborilgan. Yil davomida 7 ta muzeyda mukammal ta’mirlash ishlari hamda 1 ta muzeyda restavratsiya ishlari amalga oshiriladi. 2024-2025-yillar davomida yana mamlakat hududida joylashgan moddiy madaniy meros obyektlari va davlat muzeylarining jami 86 tasida restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari bajariladi. Manzilli dastur asosida madaniy meros obyektlari va arxeologiya yodgorliklarini muhofaza maqsadida bir nechta maskanlarda 3D panjaralar bilan o‘raladi va muzeylashtiriladi. Mamlakatimiz bo‘ylab obyektlarni muhofaza qilish va asrab-avaylash borasidagi ishlar mahalliy hokimliklar va qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda bajarib kelinmoqda.