#Rasmiy_munosabat
2025-04-24 11:15:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda “Madaniy meros maskanlarining egasi bormi?” sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan Madaniy meros agentligining Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan holat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Boborahim Mashrab haykali
1981-yilda Boborahim Mashrab tavalludi munosabati bilan Namangan shahrida barpo etilgan ushbu haykal 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli hukumat qarori bilan madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Xabarda alloma hayotiga oid muzey mavjud emasligi aytilgan bo‘lib, Madaniy meros agentligi tizimida Boborahim Mashrabga oid muzey tashkil etilmaganini ma’lum qilamiz.
“Oltin meros” binosi haqida
Xabarda “Oltin meros” binosi hududi ichki ishlar xodimlari tomonidan egallangani bildirilgan. Ayni paytda “Qodirxo‘ja Eshon uyi” arxitektura yodgorligi – 2019-yilda milliy ro‘yxatga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan. 1996-yildan beri ushbu yodgorlikda “Oltin meros” xayriya jamoat fondining viloyat bo‘limi faoliyat yuritib kelmoqda. Binodagi barcha tarixiy eksponatlar fond balansiga tegishli. Deraza oynalari 2025-yil 17-aprel kuni fond rahbariyati tomonidan yangilangan. Yodgorlik oldida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar boshqarmasining nazorat boʻlimi joylashtirilgan.
Mashrab kinoteatri haqida
Ma’lum qilinishicha, Mashrab kinoteatri 2019-yilda qabul qilingan 846-sonli qarorga muvofiq milliy madaniy meros obidalari ro‘yxatiga kiritilmagan. Shu bois, bino hozirda Madaniy meros agentligi muhofazasida emas.
“Mulla Qirg‘iz” madrasasi hujralari
Madaniy meros agentligi tasarrufidagi “Mulla Qirg‘iz” madrasasining bo‘sh turgan hujralari 2019-yil 18-oktabrdagi 881-sonli qarorga asosan u 2024-yil “E-auksion” savdo platformasi orqali Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish markazi tomonidan xususiy tadbirkorga “Madaniy meros obyektlarida savdo xizmatini ko‘rsatish (esdalik buyumlari, sovg‘alar, hunarmandchilik mahsulotlari)” uchun ijaraga berilgan.
Murojaatlar uchun aloqa raqami haqida
Xabarda murojaatlar uchun telefon raqami ishlamasligi aytilgan. Shuni ma’lum qilamizki, Madaniy meros agentligining yagona ishonch telefoni – +998712000118 – muntazam ravishda faoliyat yuritib kelmoqda.