#rasmiy_munosabat
2025-04-24 17:10:00 / Yangiliklar

Ommaviy axborot vositalarining birida Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida joylashgan “Qutayba ibn Muslim” ziyoratgohida tashrif buyuruvchilar uchun yetarli sharoit yaratib berilmagani haqidagi lavha efirga uzatildi. Madaniy meros agentligi Andijon viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Andijon viloyatining diqqatga sazovor maskanlari qatorida turuvchi mazkur ziyoratgohda Madaniy meros agentligi va Jalaquduq tumani hokimligi tashabbusi bilan 2022-yildan buyon yodgorlikda tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Xususan, ziyoratgoh hududida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari olib borildi, yodgorlikka olib boruvchi yo‘laklarga chorqirra va marmar toshlar yotqizildi, maqbara binosi qaytadan bunyod etilganini ma’lum qilamiz. Obyektda olib borilayotgan qurilish ishlari 2025-yil yakuniga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda Madaniy meros agentligi tomonidan sohada ko‘plab amaliy ishlar bajarilmoqda. Shunga qaramay, mukammal o‘rganilmagan xabarlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilishi tizimda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarga soya solgan holda keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniy meros agentligi ommaviy axborot vositalariga ma’lumotlar va faktlarni atroflicha o‘rgangandan so‘nggina ommaga taqdim etishlarini so‘raydi.
Ma’lumot uchun, taxminan 660−715-yillarda qurilgan “Qutayba ibn Muslim” ziyoratgohi 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli hukumat qarori asosida Madaniy meros obyekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.