Vazirligida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi yigʻilish oʻtkazildi
2025-03-07 08:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida 2025-yilning 5-mart kuni kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish hamda unda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosiga doir yigʻilish oʻtkazildi.
Tadbirni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.Hidoyatov hamda Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi A.Muhiddinov olib bordi. Eʼtirof etildiki, yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi.
Ochiqlik boʻyicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning oʻrni 138 pogʻonaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-oʻringa koʻtarildi.
Korrupsiyani tag-tomiri bilan quritish uchun avvalo inson omili va qogʻozbozlikni kamaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, sohadan kelib chiqadigan boʻlsak, “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilgach, tizimda ochiqlikni taʼminlash, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ijobiy oʻzgarishlarga erishildi.
Ilgari investitsiya dasturiga kirgan obyektlarni quradigan pudratchilar mingtaga ham yetmasdi. Oʻtgan yili 13,5 mingta obyekt qurilishida 4 mingdan ziyod pudratchi ishtirok etdi. Soha raqamlashgani hisobiga oʻtgan 4 yilda 3,6 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejaldi.
Vazirlikda boʻlib oʻtgan yigʻilishda qurilish va kommunal sohani toʻliq korrupsiyasiz sohaga aylantirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillar, sabablar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, mutaxassislarning kasbiy koʻnikma hamda malakasini oshirish, sohani raqamlashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va bu boradagi ishlarda prokuratura organlari bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish kerakligi qayd etildi.
Tadbir davomida taklif va mulohazalarni umumlashtirib, navbatdagi yigʻilishlarda yaxlit xulosa va yoʻl xaritalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.