Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida o‘quv seminari tashkil etildi
2025-05-05 17:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish bo‘yicha maʼmuriy reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida” 2024-yil 18-dekabrdagi 853-son qarori yuzasidan Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda vazirlikning Koʻp xonadonli uy-joy fondini boshqarish va ekspluatatsiya qilish tizimini muvofiqlashtirish hamda renovatsiya loyihalarini umumlashtirish departamenti boshlig'i Obidjon Mo'minov hududlardagi viloyat boshqarmalarining tegishli masʼullari bilan qaror mazmun-mohiyatini muhokama qildi.
Seminar davomida qarorda belgilangan vazifalar, xususan, ko‘p kvartirali uylarni elektron reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazish va biriktirish uchun hujjatlarni topshirish hamda ko‘rib chiqish tartibi yuzasidan batafsil tushunchalar berib o‘tildi. Shuningdek, sohada raqobat muhitini yanada kuchaytirish, shaffoflikni oshirish borasidagi mazkur ishlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.
Tadbir yakunida mas'ullar seminar ishtirokchilarining barcha savollariga javob berdilar.