Vazirligida shaharsozlik sohasida normativ hujjatlar va standartlarni takomillashtirishga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2025-06-20 17:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida shaharsozlik sohasida normativ hujjatlar va standartlarni takomillashtirishga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ushbu eshituv Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tashabbusiga ko‘ra amalga oshirildi. Unda vazir o‘rinbosari D. Adilov va vazirlikning tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda alohida ta’kidlanganidek, qurilish sohasi mamlakat iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi. Shu bois har qanday qurilish jarayoni belgilangan standart va normalarga to‘liq javob berishi zarur. Chunki birgina bino yoki inshoot qurilishi yuzlab, balki minglab odamlarning hayoti va xavfsizligiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois ham uchrashuvda standartlarga amal qilmaslikning oqibatlari, qurilish sifati va bozor ishtirokchilarining bunga tayyorgarligi muhokama qilindi. Qonuniy normalarni chetlab o‘tishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, aks holda bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy xavflarga olib kelishi mumkinligi qat’iy aytib o‘tildi.
Davlat rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlar asosida so‘nggi vaqtlarda xalqaro standartlarga o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Hozirda bu boradagi faoliyat butun respublika miqyosida ishlab chiqarishdan tortib, yakuniy qurilishgacha yagona tartibda yo‘lga qo‘yilgan.
Yig‘ilish davomida deputatlar tomonidan amaliyotda uchrayotgan muammolar, qonun ijrosidagi bo‘shliqlar va quruvchilar duch kelayotgan to‘siqlar yuzasidan savollar berildi. Mas’ullar esa har bir savolga atroflicha va batafsil javob berishdi.