Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida yangi investitsiyaviy va savdo kelishuvlari imzolandi
2025-05-25 17:00:00 / Yangiliklar

Xitoy Xalq Respublikasining Futszyan provinsiyasi delegatsiyasi O’zbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida 23-may kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida investitsiyaviy va savdo sohalarida bir qator hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshabayev, Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun hamda ikki mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari va uyushmalari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida “Xiamen ITG Group”, “Fujian Xinwancheng Investment”, “Fujian Sitong Stone Company”, “Fuzhou Fuqiang Precision” kabi yirik kompaniyalari bilan qurilish materiallari, togʻ-kon sanoati, toʻqimachilik, avtomobilsozlik va boshqa qator ustuvor yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 20 dan ortiq kelishuvlar imzolandi.
Xususan, ip-kalava eksporti, qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, tijorat binolarini barpo etish, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, paxta tozalash zavodini qurish shular jumlasidan.
Shuningdek, Xorijiy investitsiyalar jalb qilish agentligi hamda Xitoy xalqaro investitsiya va savdo koʻrgazmasi (CIFIT) tashkilotchi oʻrtasida O‘zbekistonga investorlarni jalb qilish hamda yirik investitsiya loyihalarini xorijiy kompaniyalar orasida targ‘ibotini o‘tkazish yo‘nalishlarida hamkorlik boʻyicha Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Oʻzbekiston tomoni 2025-yilning 8-11-sentabr kunlari “Ikki tomonlama investitsiyalarni kengaytirish, global taraqqiyotga koʻmaklashish” mavzusiga bagʻishlangan yigirma beshinchi Xitoy xalqaro investitsiyalar va savdo yarmarkasida milliy stendi bilan ishtirok etish yuzasidan taklif etilgan edi.
Xitoy xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) – 1997-yildan boshlab, har yili Xitoy Davlat Kengashining qarori bilan Futzsyan provinsiyasining Syamen shahrida oʻtkaziladi. Tadbir 100 ming m2 hududda bo‘lib o‘tadi hamda Mamlakat va kompaniyalarning sarmoyaviy va eksport salohiyati ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladi.
Futszyan provinsiyasi Xitoyning poyabzal poytaxti va mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Futszyan provinsiyasining 2024-yildagi YaIMi taxminan 800 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.