Yaqin Sharqdagi vaziyat munosabati bilan eksport qiluvchilarni favqulodda qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy qilindi
2025-06-24 13:15:00 / Yangiliklar

Yaqin Sharq mintaqasida davom etayotgan taranglik va beqarorlik holatlari munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mazkur yo‘nalishda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor mexanizmni joriy etdi.
Hozirgi geosiyosiy vaziyat logistika yo‘nalishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, tranzitda uzilishlar, bojxona rasmiylashtiruvida kechikishlar, xalqaro to‘lovlarda qiyinchiliklar va boshqa tashkiliy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bularning barchasi Yaqin Sharq mamlakatlari bilan hamkorlik qilayotgan mahalliy eksportchilar uchun qo‘shimcha xatar va to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.
Biznes vakillarining yuzaga kelayotgan muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va tezkor hal etish maqsadida, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy Telegram-botida — @miit_tashqisavdo_bot — “Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport bilan bog‘liq muammolar” nomli maxsus bo‘lim tashkil etildi.
Mazkur bo‘lim orqali tadbirkorlar va eksportchilar quyidagi masalalar bo‘yicha onlayn tarzda murojaat yuborishlari mumkin:
-
logistika va yetkazib berishdagi muammolar;
-
bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq kechikishlar;
-
tranzitdagi cheklovlar;
-
xalqaro to‘lovlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar;
-
tashqi savdo faoliyatida yuzaga kelayotgan boshqa ma’muriy va tashkiliy to‘siqlar.
Yuborilgan murojaatlar vazirlikning tegishli bo‘linmalari tomonidan zudlik bilan ko‘rib chiqiladi va zaruratga qarab mas’ul idoralarga yuboriladi.
Bundan tashqari, Respublika eksport shtabi huzurida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markaz tashkil etilgan. Barcha qiziqqan tadbirkorlar +998 71 238 52 52 telefon raqami orqali maslahat olish, murojaat yuborish yoki amaliy yordam olishlari mumkin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashqi iqtisodiy sharoitdagi o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirish, eksportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tashqi xavf-xatarlarni kamaytirish va eksport faoliyatining barqarorligini ta’minlash borasidagi faoliyatini davom ettiradi.