O‘zbekiston–Malayziya biznes-forumi: Hamkorlik istiqbollari va investitsiya imkoniyatlari
2025-06-24 18:15:00 / Yangiliklar

Joriy yil 24-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliev Malayziya hukumat delegatsiyasi tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Malayziya biznes-forumida ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Malayziya Bosh vaziri o‘rinbosari — energetika o‘tish jarayoni va suv resurslarini transformatsiya qilish vaziri Fadillah bin Yusuf raisligida o‘tkazildi.
Forum doirasida O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi, shuningdek, energetika, turizm, farmatsevtika va savdo kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Malayziya delegatsiyasi tarkibiga tegishli vazirliklar rahbarlari va biznes vakillari, jumladan Five Petroleum, KK Mart, Chiya, Stone Kingdom, Lestary Energy, Aries Engineering Consultants, MSG Green Energy, Xepa Soul Plattinson, Asetana Trillions kabi kompaniyalar vakillari kiritildi.
Forum doirasida neft-gaz, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalarida imzolangan hujjatlar almashinuvi marosimi bo‘lib o‘tdi. Bitimlar qo‘shma korxonalar tashkil etish, barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish va mahsulotlarni mintaqaviy bozorlarga chiqarishni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, ikki davlatning ishbilarmon doiralari va davlat idoralari vakillari ishtirokida B2B va B2G uchrashuvlar tashkil etildi.