Minex Central Asia 2025 xalqaro forumining birinchi kuni haqida
2025-06-24 16:15:00 / Yangiliklar

Tadbirning tantanali ochilish marosimida vazirning birinchi o‘rinbosari O.Nasritdinxodjayev ishtirokchilarni ulkan xalqaro tadbirda qatnashayotganlari bilan qutladi va nutqida O‘zbekistonda sohaga berilayotgan katta e’tibor, amalga oshirilayotgan tub islohotlar, istiqbolli loyihalarga investitsiyalar jalb qilinayotgani haqida ma’lumot berib o‘tdi.
“Muhim foydali qazilmalar ekotizimlarini shakllantirish maqsadida mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklik” mavzusidagi sessiyada vazir o‘rinbosari U.Yusupov tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalar haqidagi taqdimoti bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, forumning birinchi kunida “O‘zbekistonning kritik minerallar bo‘yicha global ta’minot zanjirlaridagi yetakchiligini mustahkamlash”, “Strategik hamkorlik uchun sarmoyaviy jozibador tuzilmani yaratish”, “Barqaror metallar va minerallar qiymat zanjirlarini yaratish – yangi imkoniyatlar” kabi mavzulardagi panel sessiyalarida soha vakillari, ekspertlar, kompaniyalarning mutaxassislari va tadbirning boshqa ishtirokchilari o‘zaro fikr almashdilar.
Forum doirasidagi tadbirlarda “NKMK” AJ, “OKMK” AJ, “Navoiyuran” DK, “O‘zbekgeofizika” AJ, Geologiya fanlari universiteti, “O‘zbekko‘mir” AJ, “O‘zTMK” AJ kabi Kon-geologiya vazirligi tizimosti korxonalari rahbariyati, mas’ullari taqdimotlar bilan qatnashib, panel-sessiyalardagi muhokamalarda ham faol bo‘lishdi.