Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik poligonda mustahkamlandi
2025-04-28 16:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilandi. Zamon talablariga mos ravishda o‘quv dasturlari qayta ishlab chiqilib, yangi darslik va qo‘llanmalar yaratildi. Shuningdek, ushbu fan doirasida o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlarning sifati va mazmuni ham sezilarli darajada oshirildi.
Shu bilan birga, harbiy dala-o‘quv maydonlarida tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar o‘quvchilarga nazariy bilimlarini mustahkamlash, jangovar tayyorgarlik ko‘nikmalarini oshirish va vatan oldidagi burchlariga mas’uliyat bilan yondashishga tayyor bo‘lish imkonini bermoqda.
“Farg‘ona” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan navbatdagi mashg‘ulotlarda quvalik 1 000 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi. Yoshlar o‘q otar qurollar bilan amaliy mashqlarni bajarib, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashdi. Dastlab o‘quvchilarga xavfsizlik texnikasi qoidalari va qurol bilan muomala qilish tartiblari haqida batafsil ko‘rsatmalar berildi. Xususan, ular malakali yo‘riqchilar rahbarligida shaxsiy xavfsizlik choralari, to‘g‘ri nishonga olish va samarali otish uslublarini o‘rgandilar.
Darhaqiqat, bunday tadbirlar yoshlarda armiyaga va harbiy xizmatga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish, ularni jismoniy va ruhiy jihatdan chiniqtirishga xizmat qiladi.
Rejaga muvofiq, Farg‘ona viloyatining barcha umumta’lim va kasb-hunar maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bosqichma-bosqich otish mashg‘ulotlariga jalb etiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati