Osiyo chempionati g‘oliblari tantanali kutib olindi
2025-04-29 18:05:00 / Yangiliklar

Marosimda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillari, Mudofaa vazirligi Sport markazi mas’ullari, sportchilarning yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar sportchilarimizning bu kabi yutuqlari tinimsiz mehnat va puxta ishlab chiqilgan dasturlar samarasi ekanini ta’kidladi.
Joriy yilning 25 – 27-aprel kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahri mezbonligida o‘tkazilgan qit’a birinchiligada 30 ta davlatdan kelgan sportchilar g‘oliblik uchun tatamiga ko‘tarildi. 18 nafar dzyudochi bilan ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi yakunda yakkalik bahslarida 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 7 ta medal bilan umumjamoa hisobida Yaponiyadan keyin ikkinchi oʻrinni egallashdi.
Shuningdek, aralash jamoaviy dasturda ham terma jamoamiz a’zolari finalgacha boʻlgan yoʻlni mardonavor bosib oʻtdi. Finalda dzyudo sport turning vatani bo‘lmish Yaponiyalik sportchilarga biroz omad kulib boqdi. Shu tariqa aralash jamoaviy dasturda ham terma jamoamiz a’zolari 2-o‘rinni egallashdi.
E’tiborlisi, chempionlik uchun kechgan final bahslarida Mudofaa vazirligi sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi (-90 kg) Nurbek Murtazoyev finalda hamyurtimiz Shaxzodxo‘ja Sharipovga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Zamohshari Bekmurodov -66 kg vaznda ishtirok etib, finalda amaldagi jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi yaponiyalik tajribali Ryoma Tanakaga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatdi. Asosiy vaqtlarda g‘olib nomi aniqlanmaganidan so‘ng “Golden Scorei”da omad yaponiyalik sportchiga kulib boqdi.
Mudofaa vazirligi dzyudochilarimizni ushbu g‘alaba bilan tabriklab, kelgusi musobaqalarda ham yorqin g‘alabalar tilaydi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti