“Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi
2025-05-01 16:25:00 / Yangiliklar

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Unda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan, sport maktablari va maktab-internatlarining “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari ishtirok etdi.
Musobaqada 15 jamoa 9 shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Bu shartlar ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, harbiy ko‘nikmalari, zakovati va jamoaviy hamkorlik darajasini aniqlashga xizmat qildi. Har bir shart yoshlarga o‘zining salohiyatini, kuch-g‘ayratini va eng muhimi – Vatanga sadoqatini namoyon etish imkonini berdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar yuksak shijoat va fidoyilik bilan harakat qilib, o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etdilar. Har bir ishtirokchi g‘oliblik uchun astoydil harakat qildi, biroq musobaqa faqat bitta mutloq g‘olibni aniqlaydi.
Musobaqa yakunida kuchli jamoalar aniqlanib, quyidagilar faxrli o‘rinlarni egallashdi:
1-o‘rin — Muhammad Yusuf nomidagi Andijon viloyati ijod maktabi jamoasi – mutloq g‘olib deb topildi. Ular musobaqa kubogi, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi, shuningdek, sayohat yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
2-o‘rin — Halima Xudayberdiyeva nomidagi Sirdaryo viloyati ijod maktabi jamoasi;
3-o‘rin — Erkin Vohidov nomidagi Farg‘ona viloyati ijod maktabi jamoasi.
Shuningdek, musobaqa davomida kuch va mahoratlarini namoyon etgan jamoa a’zolari turli nominatsiyalar bo‘yicha quyidagicha taqdirlandi:
- “Eng uyushgan jamoa nominatsiyasi” — Guliston tuman ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoasi, Sirdaryo viloyati;
- “Eng bilimdon jamoa nominatsiyasi” — Yangibozor tuman ixtisoslashtirilgan maktab internati jamoasi , Xorazm viloyati;
- “Eng chaqqon jamoa nominatsiyasi” — Nishon tumani ixtisoslashtirilgan maktabi jamoasi, Qashqadaryo viloyati;
- “Eng chaqqon qiz nominatsiyasi” — Navoiy shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Abdullayeva Shahzoda, Navoiy viloyati;
- “Eng chaqqon qiz nominatsiyasi” — Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi oʻquvchisi Qutiboyeva Kamilla, Qoraqalpog‘iston Respublikasi;
- “Eng chaqqon yigit nominatsiyasi” — Termiz shahridagi 1-son ixtisoslashtiirilgan maktabi oʻquvchisi Mamadaliyev Behzodbek, Surxondaryo viloyati;
- “Eng chaqqon yigit nominatsiyasi” — Doʻstlik tuman ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchisi Nurkasimov Samandar, Jizzax viloyati;
- “Eng chaqqon jamoa nominatsiyasi” — Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi jamoasi, Toshkent shahri;
- “Eng yaxshi mohir mergan nominatsiyasi” — Buxoro shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Xazratqulova Shabnam, Buxoro viloyati;
- “Eng yaxshi kamonchi nominatsiyasi” — Chinoz tuman ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchisi Fayzullayeva Madina, Toshkent viloyati;
- “Eng yaxshi sportchi nominatsiyasi” — Pastdargʻom tuman 1-son ixtisoslashtirilgan maktabi oʻquvchisi Toxirov Ravshanbek, Samarqand viloyati.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti