“Ikkinchi jahon urushi xotiralarda” respublika tanlovi yakunlandi
2025-05-01 17:55:00 / Yangiliklar

Ushbu tanlov 9-may — Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilib, tanlov doirasida ishtirokchilar urush yillari xotirasi, insoniy jasorat va milliy qahramonlikni yorituvchi asarlar bilan qatnashdilar.
Bu yilgi tanlovga mamlakatimizning turli hududlaridan yuzdan ortiq iste’dodli ijodkorlar tomonidan rangtasvir, haykaltaroshlik va grafika yo‘nalishlariga mansub 200 dan ziyod asar taqdim etildi. Mazkur asarlar bir oy davomida “Shon-sharaf” davlat muzeyida keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi va malakali hakamlar hay’ati tomonidan badiiy yondashuv, mazmun va ifoda vositalari jihatidan baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar o‘z yo‘nalishlarida yuqori o‘rinlarni egallashdi:
Gran-pri mukofoti – Yulduz Rajabova, Toshkent xalqaro kimyo instituti talabasi (Rangtasvir yo‘nalishi). “Sen yetim emassan” badiiy filmiga ishlangan kompozitsiyasi eng yuqori bahoga loyiq deb topildi.
I o‘rin sohiblari:
- Otajon Abduvahobov – Haykaltaroshlik yo‘nalishi (Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi),
- Hasan Azimjonov – Grafika yo‘nalishi (Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi),
- Karim Umirov – Rangtasvir yo‘nalishi (Toshkent xalqaro kimyo instituti talabasi).
Shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari ham tanlab olinib, ular diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Tashmuhamedov tomonidan qayd etilishicha, ushbu tanlov yosh havaskor va professional ijodkorlarning badiiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni vatanparvarlik, tarixiy xotiraga sadoqat va insoniylik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Ikkinchi jahon urushi xotiralarda” nomli Respublika tanlovi besh yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Ushbu davr mobaynida yuzlab ijodiy asarlar “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondini boyitishga xizmat qilgan. Mutassadilar tomonidan kelgusida tanlovga taqdim etilgan eng sara asarlar katalogi nashr etilishi ta’kidlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti