Qurolli Kuchlar akademiyasida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-05-21 18:15:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli ilmiy anjumanda mamlakatimizdagi va xorijdagi yetakchi ta’lim muassasalari, tashkilotlar hamda ilmiy markazlarning tajribali olimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida harbiy ta’lim tizimida psixologik omillarning o‘rni, ularni o‘qitish jarayonida qo‘llanilayotgan yangi pedagogik texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar keng muhokama qilindi.
So‘zga chiqqan ishtirokchilar tomonidan zamonaviy texnologiyalarni harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etish, o‘quv jarayonini takomillashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda psixologik omillarning tobora ahamiyat kasb etayotganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, konferensiyada harbiy xizmatchilarni jangovar holatlarga psixologik jihatdan tayyorlash, shaxsiy tarkibning ruhiy barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni almashish masalalari muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Harbiy psixologiya fanini o‘qitishdagi zamonaviy metodlar, axloqiy-ruhiy va ijtimoiy-psixologik holatni baholash mezonlari, shuningdek, psixologik fazilatlar va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir davomida mavjud harbiy-psixologik muammolarni aniqlash va ularni samarali bartaraf etish yo‘llari tahlil qilindi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda harbiy psixologiya sohasida ilmiy-nazariy adabiyotlar va nashrlar bazasini shakllantirish zarurati alohida e’tirof etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti