“Uch avlod uchrashuvi” — Vatanga sadoqat saboqlari
2025-06-28 12:40:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda tuman hokimi, qo‘mondonlik va harbiy qism ofitserlari, respublika “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, tadbir qatnashchilari harbiy qismda yaratilgan zamonaviy infratuzilma, turli millatlar urf-odatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, yosh ijodkorlarning sahnaviy chiqishlari bilan tanishishdi. Harbiylarning qo‘l jangi mashqlari, shiddatli jangovar texnikalar namoyishi esa yoshlar qalbida jasorat uchqunini alangalatdi. Ularning har bir harakati — bu yurt tinchligini saqlash yo‘lidagi qasamyoddek jo‘shqin edi.
Tadbirning asosiy qismi harbiy qism madaniyat markazida davom etdi. Unda so‘zga chiqqan nuroniylar va harbiylar yoshlarga Vatan va xalq oldidagi burch, milliy armiya va mustaqillik timsoli bo‘lgan harbiy xizmatning hayotiy ahamiyati haqida chuqur mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari bilan yoshlar o‘rtasida yuzma-yuz, samimiy va ochiq muloqotlar tashkil etilgani tadbirning eng ta’sirli nuqtasiga aylandi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, hayotiy tajriba, saboq va ibratlardan bahramand bo‘lishdi.
Darhaqaiqat, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi — bu shunchaki mashg‘ulot emas, bu yurakka singadigan ilhom, ruhi yuksak yurt farzandlarini tarbiyalovchi maktabdir. “Uch avlod uchrashuvi” esa ana shu ruhiy yuksaklikning yorqin namunasiga aylandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti