Aholi xonadonida baliqchilik: kam harajat, serdaromad soha
2025-03-02 16:30:00 / Yangiliklar

Norin tumanidagi "Ho‘jaqo‘rg‘oncha" mahallasida yashovchi Nurillo Mahmudov oila budjetini mustahkamlash uchun tadbirkorlik qilishni rejalashtirib yurgan edi.Tumandagi tik quduqlar atrofida forel baliq boqish loyihasi haqida eshitganidan keyin,o‘z xonadonida intensiv usulda forel balig‘i yetishtirishga ahd qildi. Bunda unga bank krediti berilishi ayni muddao bo‘ldi.
Nurillo aka dastlab yashash uyi tomiga 5 kVtli quyosh paneli o‘rnatdi. Shundan so‘ng tik qudug‘iga motor o‘rnatib, "bochka" usulida xovuz qurdi. Hozir baliq parvarishi avjida.
-Yaxshi yashash uchun har kim o‘zi intilishi kerak ekan.-deydi N. Mahmudov.-Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta xovuzning o‘zida 1000 dona chavoq tashlab, 1 tonna baliq yetishtirish hisobiga 31,5 mln. so‘mdan ortiq sof foyda olish mumkin ekan.Mening xovuzimga esa 2,5 ming baliq sig‘adi.Hozir bu kabi xovuzlar qurishga mahalladoshlarim ham kirishmoqda.
Darhaqiqat, o‘rgansa, ommalashtirsa arziydigan usul. Shu bois "Ho‘jaqo‘rg‘oncha"da qo‘shni mahallalar aholisi ishtirokida seminar tashkil etildi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etib, aholi bilan ayni mavzuda muloqot qildi.
Mahalladagi hokim yordamchisi, bank tizimi mutaxassisi, ya’ni "mahalla bankiri" xonadon tomorqasida forel balig‘i boqishning afzalliklari, foydasi, kredit olishning tartibi haqida batafsil tushuncha berdilar. Shuningdek, baliqchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tajribali tadbirkorlarning tavsiyalari tinglandi.
Shu kuni 50 nafar fuqaro o‘z xonadonida baliqchilikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. Viloyat tijorat banklari tomonidan ular qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Norin tumanida 84 ta tik quduqda davlat-xususiy sheriklik asosida super intensiv usulda yiliga 8500 tonna forel baliqlari yetishtirish rejalashtirilgan.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.