Paxtachilikda xorij texnologiyalari keng joriy etiladi
2025-04-29 17:59:00 / Yangiliklar

Ushbu Xitoy texnologiyasi bir vaqtning o‘zida chigitni bexato ekadi, tomchilatib sug‘orish uchun yelim quvurlarini joylashtirib ketadi, qudratli nasoslar bir vaqtning o‘zida 150 gektar yerni sug‘orishga qurbi yetadi. Xullas, vaqtdan va mablag‘dan tejaladi. Daromad ham shunga yarasha ko‘p bo‘ladi.
Namangan viloyatida ham bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda ushbu usulni joriy etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda Namanganga kelgan “PENG SHENG AGROTECH” kompaniyasi direktori janob Song She Jie boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimligida qabul qilindi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Mehmonlar Xitoy texnologiyasi afzalliklari, hosildorlik o‘rtacha 60 sentnerni tashkil etishi, uni yetishtirishdan tortib, qayta ishlashgacha tizim yaratilishi haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Uchrashuvda xorijlik investorlar viloyatda 5 ming gektar maydonda ushbu texnologiyani qo‘llash uchun Pop, Mingbuloq, Namangan tumanlaridagi mavjud yaylov yerlarini o‘rganishlariga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston-2030” strategiyasidagi besh ustuvor yo‘nalishning uchinchisi sifatida “Suv resurslarini tejash va atrof-muhit muhofazasi” masalasi belgilangan bo‘lib, 2030-yilgacha suv tejovchi texnologiyalarni 4,3 mln. gektarda qo‘llash ko‘zda tutilgan.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.