Xalqaro "Gullar festivali" davom etmoqda, gulchilarning daromadi ham ortmoqda
2025-07-02 19:15:00 / Yangiliklar

Uychi tumani “O‘nhayot” MFYDA yashovchi gulchi Sobitxon Akbarov ham festival doirasida tashkil etilgan rastada o‘z gullari bilan savdo qilib, minglab mehmonlarga zavq ulashmoqda. Ya’ni, siklamen, fikus lirata, bugenvilliya, pelargoniya, kalanxoe va yana ko‘plab noyob gullar xaridorlarga taqdim etilmoqda.
- Festival 2 haftaga uzaytirilganini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Bu men uchun yangi mijozlar, yangi tanishuvlar va yanada katta imkoniyat demakdir. Hozirgacha 40 million so‘mlik savdo qildim. Bu faqatgina daromad emas, mehnatim qadrlanishidir, — deydi Sobitxon quvonch bilan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu festival nafaqat savdo, balki shaxsiy brendini rivojlantirish, gulchilik siriga qiziquvchi yoshlarga tajribasini ulashish imkonini ham bermoqda.
Ayni vaqtda Zahiriddin Muhammad Bobur nomli bog‘ining yonginasida tashkil etilgan gullar rastasi go‘yoki botanika bog‘iga aylangan. Bu yerda yuzlab gulchilar o‘z go‘zallik dunyosi bilan festival mehmonlarini xursand qilmoqda.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.