Jamiyat rivojida ayollar o‘rni ortmoqda
2024-12-24 09:20:00 / Yangiliklar
Dastlab mas’ullar hududdagi “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inida xonadonma-xonadon yurib, ishsiz xotin-qizlar va ularning bandligini ta’minlash imkoniyatlari bilan tanishdi. Tadbirkorlikka qiziquvchilarning takliflari nazoratga olindi.
Hozir 616 ta xonadonga ega bo‘lgan mahallaning asosiy daromad manbai issiqxonachilik bo‘lib, 90 foizdan ziyod xonadon aynan shu ish bilan shug‘ullanadi. Tomorqachilik orqali yaxshi foyda ko‘rayotgan Mahbuba Xaliqulova bilan ham suhbatda shu paytgacha erishilgan natijalar sarhisob qilindi. U 40 sotix issiqxonada ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yib, mahalladagi 30 nafar xotin-qizga tajribasini o‘rgatib kelmoqda.
O‘rganishlar borasida mahalla yettiligi vakillari bilan olib borilgan suhbatda kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqachilik va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, xotin-qizlarni kasblarga o‘qitish va ish bilan ta’minlash orqali norasmiy bandlik ulushini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihov qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy pillachilik majmuasi loyihasini ko‘zdan kechirdi. Ushbu loyiha Xitoy investorlari tomonidan tashkil etilgan “JINGZE INTERNATIONAL SILK” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Tuman hududidagi 293 gektar samarasiz tutzorlar shartnoma asosida investorga ijara asosida berildi. Loyihaning qiymati 2,5 million dollarni tashkil qiladi va 300 ish o‘rni yaratiladi.
Buning natijasida yiliga 900 quti, bir mavsumda esa 300 quti ipak qurti boqiladi. Bir yil davomida 50 tonna pilla xomashyosi yetishtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus doirasida 1 ta qurtxona va quritish uskunalari ishlab chiqarish zavodi ham quriladi. Shu bilan birga, 25 gektar yer maydonida o‘rma tutzorlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Natijada 1,5 million dollar qiymatidagi ipak tolasi eksport qilinishi kutilmoqda.
Z.Mahkamova majmua qurilishini ko‘zdan kechirar ekan uning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Majmua Xitoy va Vetnamning ilg‘or tajribalari asosida barpo etilishi va innovatsion pillachilik usullarini joriy etishni ko‘zda tutgan.