Oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni asrab-avaylash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2025-01-04 09:25:00 / Yangiliklar
Oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xonadonlardagi sog‘lom ma’naviy muhitni asrab-avaylash borasida mamlakatimizda qanday amaliy ishlar qilinmoqda?
Bu borada Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tizimli ishlar bajarilayotgani e’tiborga molik. Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, reproduktiv maslahatga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishlash tartibi ishlab chiqildi. 337 ming 654 nafar xotin-qizlar bilan individual ish olib borildi. Natijada ularning 223 ming 923 nafari sog‘lom turmush tarziga qaytdi.
80 mingdan ortiq sport musobaqalari o‘tkazilib, unda 2,8 million nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etdi. Xususan, vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari hamda ularing oila a’zolari o‘rtasida oilaviy sportni rivojlantirish maqsadida 25 ta jamoada 300 nafardan ziyod ayollar va ularning farzandlari ishtirokida Gimnastrada festivali o‘tkazildi.
Sog‘lom turmush tarziga oid 298 mingdan ziyod targ‘ibot-tadbirlari amalga oshirildi, 206 mingdan ortiq targ‘ibot materiallari berildi.
Farzand ko‘rish orasidagi muddatga rioya etish ko‘rsatkichlari yaxshilandi. 3 million 789 ming 85 nafar ayol onkoskrining tekshiruvlariga jalb etildi.
Oila institutini mustahkamlash, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni targ‘ib etish maqsadida “Sergeli tajribasi” asosida 138 ming 405 nafar nikohga kirayotgan yoshlar o‘qitildi.
“Ohangaron tajribasi” asosida 27 ming 53 ta oilaviy ajrim bilan bog‘liq nizoli oilalar tiklandi. 13 ming 796 ta nikohi rasmiylashtirilmagan oila nikohi qonuniylashtirildi.
Oilalarni asrashga oid 142 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi, 123 mingdan ortiq tarqatma materiallar berildi.
Farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan 208 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” tanlovi o‘tkazilishi natijasida ibratli oilalar soni 45 ming 225 taga oshdi.
“Oqila ayollar” harakati a’zolari 200 ming nafarga yetdi. Ular tomonidan 85 mingdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
“Kitobxon onalar” kuni tadbirlari orqali 2 ming nafardan ortiq kitobxon onalar kashf etildi.
Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha Namangan, Andijon viloyatlarida “Oila va xotin-qizlar maskani” tashkil etildi. Jizzax viloyatida Oila maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqand shahar, Namangan va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarida 32 ta yo‘nalishda oilaviy-huquqiy munosabatlarga doir ishlarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashgan Oila sudyalari tizimi joriy etildi.
“Xonatlas”, “Nafosat”, “Liboslarda – qadriyat aksi”, “Milliy libos-millat qiyofasi” mavzularida haftaliklar, tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylandi.
“Farovon oila – kelajak poydevori”, “Qadriyatlarimiz – bebaho boyligimiz”, “Ayol – jamiyat ko‘zgusi”, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”, “Oila mustahkamligi uchun barchamiz mas’ulmiz” shiorlari ostida 400 mingdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida 6 million nafardan ziyod xotin-qizlar qatnashdi.
Mahalladagi xotin-qizlar faollari uchun 80 mingdan ortiq uslubiy qo‘llanmalar, bukletlar yetkazildi. “Mas’uliyatli ota-onalik” mezonlari, mahallada oilaviy mediatsiyani joriy etish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqildi. “Oila o‘quv platforma”si – https://oilamalaka.uz sayti ishga tushirildi.
Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan 305 nafar ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni jilovlash, tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish masalasi ham Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Tazyiq va zo‘ravonlikdanjabrlangan 48 ming 528 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi. Natijada 20 ming 574 ta oilani yarashtirishga erishildi, 25 ming 964 ta nizo bartaraf etildi.
Oilalar hamda ularning farzandlari bilan muntazam ishlar olib borish natijasida profilaktika hisobidagi xotin-qizlardan 29 ming 421 nafari (shundan 605 nafari voyaga yetmagan, 4 521 nafari yoshlar) profilaktik hisobdan chiqarildi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan jami 836 nafar xotin-qizlar o‘rganilib, ulardan 319 nafari ishga joylashtirildi, 353 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam berildi, 54 nafari davolanishga muhtojligi aniqlanib, tibbiyot dispanserlarga joylashtirildi, 101 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qayta tiklab berildi, 28 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
“E-ijtimoiy profilaktika” elektron axborot tizimi orqali xotin-qizlar faollari tomonidan o‘ziga biriktirilgan 124 ming 396 nafar xotin-qizlar bilan ishlash natijasida ijobiy qo‘shma xulosalar berildi.
Ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan 29 ming 421 nafar xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatilishi natijasida ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarildi.
“Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” tadbirlari doirasida 9 ming 443 ta mahallada, 10 ming 203 ta ta’lim muassasasida, 9 ming 14 ta tashkilot va idoralarda turkum tadbirlar o‘tkazilib, ularga 812 ming 357 nafar (621 ming 27 nafar yoshlar, 163 ming 251 nafar ayollar, shundan 28 ming 79 nafari zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar) ishtirokchilar qamrab olindi.
128 nafar ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, oila va xotin-qizlar va ijtimoiy sohalarda faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan kompleks ish olib borish“ mavzusida trening tashkil etildi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida 97 ming 500 dona uslubiy qo‘llanmalar, buklet, flayer va boshqa tarqatma materiallari tarqatildi.
“Biz oilaviy zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida ijtimoiy roliklar tanlovi o‘tkazilib, natijalarga tanlovning 1, 2 va 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi.
Bu boradagi barcha sa’y-harakatlar oilalarni asrash, ayollar manfaatlarini himoyalash borasida mamlakatimizda yaratilgan tizim o‘z natijalarini ko‘rsatayotganini yana bir bor isbotlaydi.