Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi
2025-02-05 10:10:00 / Yangiliklar
![Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fa34e1ce7-e078-2cc6-0166-9a16df0626fe_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi, Komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Unda davlat rahbari tomonidan xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligiga ko‘maklashish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘lida muhim choralar ko‘rilmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Jumladan, xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha Senat Raisi boshchiligida Yangiyo‘l tumanining Qirsadaq mahallasi tajribasi asosida respublikada yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi.
Natijada 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi resursidan xotin-qizlar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olindi.
Shunga muvofiq Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki orqali xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid 250 ta tavsiyaviy biznes loyihalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, “Loyihalar fabrikasi” elektron platformasi ishga tushirilib, foydalanuvchilarga tavsiyaviy biznes loyihalar, sohalar bo‘yicha ajratiladigan kredit shartlari bilan tanishish, kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.
Belgilangan vazifalar hamda maqsadli ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga, shuningdek joylarda aniqlangan muammolarning tezkorlik bilan hal etilishiga ko‘maklashish maqsadida Oliy Majlis Senati aʼzolari, Respublika komissiyasi aʼzolari hududlarga, mahalliy Kengash deputatlari tuman, shahar va mahallalarga biriktirildi.
Buning natijasida 2024-yilning o‘zida xotin-qizlarning 251,4 mingi doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 54,5 mingi jamoat ishlariga jalb qilindi, 177,1 mingi kasb-hunarlarga va 147,3 mingi tadbirkorlikka o‘qitildi.
Shu bilan birga, 55,1 ming xotin-qizlarga 289 mlrd so‘m subsidiya ajratilib, bandligi taʼminlandi. 206,6 ming xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni kengaytirish maqsadida 3 trln 472 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Majlisda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash bo‘yicha berilgan ayrim topshiriqlarning ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Jumladan, ayrim mahallalarda xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash, jamoat ishlariga jalb qilish, mahallalarning drayveridan kelib chiqib kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish talab darajasida emasligi aytib o‘tildi.
Tijorat banklariga tashabbuskor xotin-qizlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, yil davomida loyihalar amalga oshirilishini kuzatib borish, ayol tadbirkorlar bilan doimiy muloqot qilish va ularning muammolarini yechish muhimligi aytib o‘tildi.
Mazkur kamchiliklar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari, hudud rahbarlarining axborotlari eshitilib, bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, majlisda Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlarga ham eʼtibor qaratildi.
Xususan, norasmiy bandlikni qisqartirish, nogironligi bo‘lgan mehnatga layoqatli ishsiz ayollarga eʼtibor qaratish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, yuqori daromadli va zamonaviy kasb-hunarga xotin-qizlarni o‘qitish qamrovini kengaytirish, hududlarning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.