Oʻzbekiston va Italiya universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik
2025-04-25 15:55:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, ikki mamlakat elchixonalari hamda Oʻzbekiston va Italiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida oʻtkazildi.
Tadbirda 17 ta Oʻzbekiston OTMlari va 7 ta Italiya universiteti rektor va prorektorlari ishtirok etdi. Tadbirning ochilish marosimida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qongʻirotboy Sharipov, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov, Italiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Piyergabriyele Papadiya de Bottini, Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev soʻzga chiqdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qongʻirotboy Sharipov oʻz nutqida ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikning kengayib borayotgani, bu munosabatlar davlatlar rahbarlarining strategik yondashuviga asoslanganini taʼkidladi. Shuningdek, vazir Turin politexnika universiteti va Piza universitetining Toshkentdagi filiallari, Oʻzbekiston-Italiya muhandislik maktabi faoliyati kabi muvaffaqiyatli loyihalarni alohida taʼkidlab oʻtdi. Ushbu taʼlim muassasalari yosh mutaxassislar tayyorlashda muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, soʻnggi ikki yilda 100 nafardan ortiq oʻzbekistonlik professor-oʻqituvchilar Italiya universitetlarida stajirovka oʻtadilar, shu bilan birga, Oʻzbekistondagi oliygohlarda 700 nafardan ziyod talabalar italyan tilini oʻrganayotganini maʼlum qildi. Bugungi kunga kelib, ikki mamlakatning oliy taʼlim muassasalari 50 dan ortiq kelishuvlar asosida samarali hamkorlik olib bormoqda.
Tadbir davomida Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlardagi universitetlar rektorlari hamda Italiyaning Perudja, Piza, Tushia, Roma Tre, Kaʼ Foskari, Trento, Insubria va boshqa universitetlari rahbarlari maʼruza qildilar.