O‘zbekiston–Italiya sammiti: agrar sohada ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-05-29 09:50:00 / Yangiliklar

Sammitga tayyorgarlik jarayonida bir qator vazirlik va idoralar vakillari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha Italiya tomonining tegishli tuzilmalari bilan hamkorlik uchrashuvlarini o‘tkazmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Italiyaning nufuzli Confagricoltura tashkiloti vitse-prezidenti Lika Brondello, Tuscia universiteti prorektori, professor Alvaro Maruchchi hamda Italiya Milliy tadqiqotlar kengashi (CNR) direktori Aldo Seriottilar o'rtasida tashkil etildi.
Samimiy ruhda boshlangan muloqot davomida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha ta’lim va ilmiy faoliyatni rivojlantirish, talabalar almashinuv dasturlarini tashkil etish, O‘zbekistonlik agronom mutaxassislarining Italiya ilmiy markazlarida amaliyot o‘tashini ta’minlash, Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik va agrotexnik qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, agrar sohadagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Mazkur muzokaralar O‘zbekiston–Italiya strategik sherikligining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi amaliy ifodasi bo‘lib, barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.