Toshkent raqamli davrda huquq tizimi islohotiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda
2025-05-29 16:20:00 / Yangiliklar

Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi – “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” bo‘lib, jahon yuridik hamjamiyatini raqamlashtirish jarayonidagi yangi tahdidlar va imkoniyatlarni muhokama qilishga qaratilgan.
Forumda 1 200 nafarga yaqin ishtirokchi, shu jumladan 150 nafarga yaqin xorijiy spiker va rasmiylar, 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan qatnashmoqda. Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston, Rossiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston kabi davlatlar adliya organlari rahbarlari, Singapur Bosh prokurori, shuningdek, “Jahon odil sudlov loyihasi” ijrochi direktori ishtirok etishmoqda.
Forum doirasida 20 ga yaqin tadbir, jumladan plenar sessiya, mahorat darslari, davra suhbatlari, 4 ta ko‘rgazma, shuningdek, ilk bor Xalqaro yoshlar yuridik forumi ham o‘tkaziladi.
Tadbirlarda sun’iy intellekt, IoT, Big Data, blokcheyn kabi zamonaviy texnologiyalarning huquqiy tizimga ta’siri, elektron hukumat, raqamli notariat, yuridik ta’limdagi inqilobiy yangiliklar, intellektual mulkni himoya qilish, yuridik amaliyotni raqamlashtirish kabi mavzular muhokama qilinmoqda.
Bugun, 29-may kuni anjuman doirasida tashkil etilgan “Raqamli texnologiyalarning inson hayotiga ta’siri va ularni huquqiy jihatdan tartibga solish” mavzusidagi panel sessiyasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Prezidentimizning uzoqni ko‘rib, qilayotgan siyosatlari tufayli barcha sohalarda ulkan o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bizning vazirligimiz missiyasi – raqamli transformatsiya orqali xalqimizning hayotini yaxshilash. Maqsadimiz – yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish va daromad topish imkoniyatlarini oshirish. Biz odamlarni chet elga yuborish o‘rniga, o‘sha ish o‘rinlarini O‘zbekistonning o‘ziga olib kelishni xohlaymiz”, – dedi vazir o‘z nutqi davomida.
Shuningdek, Sh. Shermatov O‘zbekiston IT-kompaniyalar uchun qulay joyga aylanayotganini ham qo‘shimcha qildi.
“O‘zbekiston IT-kompaniyalar uchun jozibador markazga aylanmoqda — soliq imtiyozlari va arzon, sifatli kadrlar safi ham kundan kunga ortib bormoqda. 2017 yilda xorijiy sarmoyali IT-kompaniyalar soni o‘ntadan kam edi, bugun har oyda 30 ta yangi kompaniya faoliyat boshlayapti. O‘zbekiston nafaqat raqamli transformatsiyada, balki xalqaro hamkorlikda ham faol o‘rin egallamoqda”, – dedi vazir.
Forumda huquqiy jarayonlarni avtomatlashtirish, smart-shartnomalarni joriy etish, kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli mediatsiya va sud ekspertizasi borasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganiladi.
Huquqshunoslar, olimlar, IT mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlik sun’iy intellektni qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga integratsiya qilish masalalari atrofida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilishi uchun imkon yaratadi.
Forum bevosita huquqiy sohada faoliyat yurituvchi amaliyotchilar, qonun chiqaruvchi organlar va ilmiy tadqiqotchilarni bir maqsad – raqamlashtirish sharoitida adolat, qonuniylik va huquqiy barqarorlikni ta’minlash yo‘lida birlashtiradi. Muhim jihati unda texnologik inqiloblar natijasida huquq sohasida yuzaga kelayotgan muammolarga xalqaro va xorijiy mutaxassislar tomonidan yechimlar taklif etilishi va shu asosda O‘zbekistonda huquqiy islohotlarni yanada tezlashtirish imkoniyati yaratilishida namoyon bo‘ladi.
“Tashkent Law Spring” IV xalqaro yuridik forumi huquqshunoslar, davlat xizmatchilari va siyosatchilar uchun innovatsiya, tajriba va hamkorlik platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu xalqaro maydonda dunyo yuridik hamjamiyati vakillari O‘zbekistondagi islohotlarga yuqori baho berib, ularning kelgusidagi rivojiga turtki bo‘ladi.