Jahon banki vakillari bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi
2025-05-30 18:55:00 / Yangiliklar

Delegatsiya tarkibida makroiqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha amaliyot menejeri Antonio Nusifora, Jahon bankining yetakchi iqtisodchilari va mutaxassislari qatnashdi. O‘zbekiston tomonidan muzokaralarda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov, vazir maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda boshqa mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari, xususan, milliy iqtisodiyot o‘sish istiqbollari va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish choralari muhokama etildi. Jahon banki vakillari respublikadagi hozirgi iqtisodiy vaziyatning tahliliy sharhini taqdim etib, O‘zbekistonning eksportni ko‘paytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilishdagi yuqori salohiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Tomonlar davlat korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish va raqobatbardosh bozor muhitini yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Iqtisodiyotni erkinlashtirish va qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga yo‘naltirilgan tarkibiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashdi.