Samarqandda tashkil etilgan BMTning Davlat xizmati forumi yakunlandi
2025-06-26 09:10:00 / Yangiliklar

Forum Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikadan davlatlaridan tashrif buyurgan vazirlar va davlat xizmatiga mas’ul organlar rahbarlarini birlashtiradi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor vakillari va innovatsiya yetakchilari ham ishtirok etdi.
25-iyun kuni forumning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, nutq so'zladi.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2025-yilgi Davlat Xizmati Forumi ishtirokchilariga ushbu uch kunlik mazmunli, ilhomlantiruvchi va, albatta, tarixiy kunlar uchun chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Markaziy Osiyoda ilk bor ana shunday nufuzli xalqaro forumga mezbonlik qilish biz uchun katta sharafdir – bu qadimiy shaharda ming yillar davomida g‘oyalar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar kesishgan. Bugun esa Samarqand – raqamli, barqaror va inklyuziv davlat boshqaruvining kelajagiga oid g‘oyalarning markaziga aylangan.
So‘nggi kunlarda ko‘plab qimmatli fikrlar bildirildi. Ammo bizni birlashtiradigan asosiy jihat — bu hammamizni birdek tashvishlantirayotgan maqsaddir: davlat xizmatlarini yanada ochiq, shaffof va samarali qilishga intilishdir.
Eng muhimi voqealardan biri – biz birgalikda Samarqand Vazirlar Deklaratsiyasini qabul qildik”, – dedi vazir.
Shuningdek, Sh. Shermatov O‘zbekiston GovTech, ochiq raqamli platformalar, raqamli ta’lim va davlat sektori uchun salohiyatni oshirish borasidagi innovatsiyalari va tajribasi bilan o‘rtoqlashishga doim tayyor ekanini ma'lum qildi.
“Forumni muvaffaqiyatli o‘tkazishga hissa qo‘shgan barcha ishtirokchilarga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan kelgan 1 000 dan ortiq delegatlar: vazirlar, davlat xizmatchilari, ekspertlar va amaliyotchilar. Sizlar bu forum nafaqat siyosat, balki amaliyot, nafaqat g‘oyalar, balki harakatlar forumiga aylanganini isbotladingiz.
Butun jamoamiz nomidan Gruziya delegatsiyasini 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi BMT Davlat Xizmati Forumiga mezbonlik qilish vazifasini qabul qilgani bilan chin dildan tabriklaymiz.
Samarqand Deklaratsiyasi biz uchun faqatgina hujjat bo‘lib qolmasin — u amaliy harakatlar rejasiga aylansin”, – dedi vazir o‘z nutqi yakunida.