Qashqadaryoda besh davlat elchilari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-05-04 14:15:00 / Majlislar

Kecha Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov O‘zbekistonning Isroil, Hindiston, Qatar, Belarus va Quvaytdagi Favqulodda va muxtor elchilari - Jahongir Aminov, Sardor Rustambayev, Ashraf Xodjayev, Rahmatullo Nazarov va Ayubxon Yunusovlarni qabul qildi.
Mazkur uchrashuvda viloyat va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ta’lim, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Belarus, Hindiston va Quvayt bilan yirik loyihalar
Belarus bilan oyoq kiyimlari, sharbatlar, tayyor kiyim-kechak, sut mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Hindiston bilan farmatsevtika, nanotexnologiyalar va elita urug‘chilik bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda. Quvayt kompaniyalari bilan neft-kimyo sohasida umumiy qiymati 850 million dollarlik ishlab chiqarish loyihalari ko‘zda tutilgan.
Isroil va Qatar bilan innovatsion hamkorlik
Isroil bilan farmatsevtika, IT va "aqlli" qishloq xo‘jaligi, Qatar bilan esa baliqchilik, sahro turizmi va chorvachilik yo‘nalishlarida hamkorlik rejalashtirilgan.
Rasmiy uchrashuvdan so‘ng, voha tadbirkorlari va elchilar o‘rtasida muloqot tashkil etildi. Tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan tanishtirib, qator xorijiy bozorlarga eksport yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.