Murotjon Azimov Fransiya taraqqiyot agentligi vakillarini qabul qildi
2025-05-26 19:10:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi AFD (Fransiya taraqqiyot agentligi)ning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Oliviyer Grandvoinet boshchiligidagi vakillarni qabul qildi.
Muloqot davomida ekologiya, energetika, barqaror urbanizatsiya va aholi turmush sharoitini yaxshilash yo‘nalishi muhokama qilindi.
Agentlik Qashqadaryoda ham hamkorlikda suv ta’minotini yaxshilash, oqova suvlarni tozalash va chorvachilik yo‘nalishida qator loyihalarni amalga oshirishni boshlab yuborgan. Jumladan, “Shahrisabz shahar va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasini amalga oshirmoqda.
Ma’lumot uchun: Fransiya Taraqqiyot Agentligi (AFD) — Fransiya hukumati qoshidagi moliyaviy institut bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy taraqqiyot va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiradi va amalga oshiradi.
AFD O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish, urbanizatsiya va infratuzilmani modernizatsiya qilish loyihalari yuzasidan hamkorlik olib boradi.