"JAVOHIR MEDICAL CENTRE" ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Innovatsion yuqori texnologiyali jarrohlik bloki foydalanishga topshirildi
2025-06-05 10:35:00 / Yangiliklar

Viloyatning tibbiyot sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va aholiga yanada sifatli hamda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tgan yili o‘z faoliyatini boshlagan, barcha zamonaviy sharoitlarga ega "JAVOHIR MEDICAL CENTRE" ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bugun yana bir bo‘limning ochilish tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov ham ishtirok etib, davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasiga berilayotgan e’tibor tufayli bugun sohada mana shunday xususiy sektorning o‘rni va ahamiyati oshib borayotganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, loyiha qiymati 2 mln AQSH dollari bo‘lgan Innovatsion yuqori texnologiyali jarrohlik blokini ishga tushirish orqali 100 turdan ortiq davolash va diagnostika usullarini joriy etish, davlat tibbiy sug‘urtasi orqali aholini ijtimoiy himoyaga ega bo‘lgan qatlamiga yuqori texnologik tibbiy xizmatni tashkil etish va yiliga 5 000 dan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirib, davlat tibbiyot muassasalariga bo‘lgan yuklamani kamaytirishga xizmat qilish asosiy maqsad qilib olingan.
Shuningdek, 3 qavatli blokda barcha xonalar markazlashgan kislorod, vakuum havo va uzluksiz elektr manbasi bilan ta’minlangan. Intensiv terapiya va reanimatsiya bo‘limlari, 4 ta operatsion xona to‘liq ultrazamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, umumiy xirurgiya, neyroxirurgiya, travmatologiya, urologiya, ginekologiya va kardiojarrohlik amaliyotlarni o‘tkazish imkonini beradi. Qolaversa barcha amaliyotlarni mini invaziv usulda bajarish imkoni mavjud bo‘lib, binoda 22 o‘rinli reanimatsiya koykasi mavjud va klinikaning texnik imkoniyatlari kelgusida transplantatsiya qilish imkonini xam beradi.
Yangi bo‘lim orqali qo‘shimcha 100 nafarga yaqin aholi ish bilan ta’minlanadi.