Barcha farmatsevtika va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar QQS to‘lovchisiga aylanadi
2025-02-04 11:10:00 / Qo'mita yangiliklari
2025-yil 1-apreldan daromadidan qatʼiy nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar QQS to‘lovchisi bo‘ladi.
Bunda soliq organlari Onlayn-NKT, EHF va boshqa tashqi va ichki ma'lumotlar asosida QQS hisobotlarini avtomatik tarzda shakllantiradi.
Ushbu tartib Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng amaliyotga joriy etiladi.
Soliq kodeksining 2- va 75-moddasi
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlarini sotuvchi yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar uchun soliq to‘lash tartibi quyidagicha:
- daromadi 1 mlrd so‘mdan oshmaydiganlar – aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi;
- daromadi 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lganlar – QQS va foyda solig‘i to‘lashga o‘tadi.
QQS 12% ni, foyda solig‘i stavkasi 15%ni tashkil etadi. Ijtimoiy soha faoliyatini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasi 0% belgilangan.
Aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4%ni tashkil etadi.
Ulgurji va chakana dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi dorixonalar uchun soliq stavkalari quyidagicha belgilangan:
- Aholi soni 100 ming nafar va undan ko‘p bo‘lgan shaharlarda – 3%;
- boshqa aholi punktlarida – 2%;
- borish qiyin bo‘lgan va tog‘li tumanlarda – 1%.
Shuningdek, soliq to‘lovchilar qat'iy belgilangan summada aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashga haqli.
Soliq kodeksi, 467-modda
Ma'lumot uchun. 2024-yil yakuniga ko‘ra, ushbu sohada 7 785 ta yuridik shaxs AOS to‘lovchisi hisoblanadi, shundan, 1 208 ta yuridik shaxs qat'iy belgilangan miqdorda soliq to‘laydi.