Soliq kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
2025-04-22 16:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g֥‘risida”gi O‘RQ-1058-sonli Qonuni qabul qilindi.
O‘RQ-1058, 17.04.2025-yil.
Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksining 2 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:
62-moddasi to‘qqizinchi qismining 8-bandidagi “mikrokredit” degan so‘z “mikromoliya” degan so‘z bilan almashtirildi.
315-moddasi birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:
“Banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek sug‘urta tashkilotlari qonunchilik talablariga muvofiq zaxira fondlarini tashkil etadi”.
Avvalgi tahrir quyidagicha bayon etilgan:
“Banklar va bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir litsenziya asosida bank operatsiyalarining ayrim turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek sug‘urta tashkilotlari qonunchilik talablariga muvofiq zaxira fondlarini tashkil etadi” bo‘lgan.
Shuningdek mazkur moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:
“nobank kredit tashkilotlari va sug‘urta tashkilotlari tomonidan - qonunchilikda nazarda tutilgan normalardan yuqori bo‘lmagan miqdorda”.
Avvalgi tahrir quyidagicha bayon etilgan:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan zaxira fondlariga ajratmalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda, quyidagi normalar doirasida xarajatlar jumlasiga kiritiladi:
banklar tomonidan - qonunchilikda belgilangan normaning 80 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir litsenziya asosida bank operatsiyalarining ayrim turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va sug‘urta tashkilotlari tomonidan - qonunchilikda nazarda tutilgan normalardan yuqori bo‘lmagan miqdorda.”