Halol mehnatning haqqoniy bahosi
2025-04-23 11:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda
Bugun Oʻzbekistonda barcha sohaga raqamli texnologiyalarni keng tatbiq qilish, biznes va aholi uchun yanada qulaylik yaratish bilan bir qatorda davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatida faoliyat samaradorligini baholashga Prezidentimizning 2019-yil 3-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan start berilgan edi.
Soliq organlari KPI amaliyotini birinchilardan joriy etgan va mevasini koʻrayotgan sohalardan biri, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
KPI poydevorini raqamli transformatsiya yaratib berdi
Keyingi yillarda barcha soha va tarmoqlarda kechayotgan tub yangilanishlar qatori soliq islohotlari boshlangan paytda davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri sohani raqamlashtirish orqali soliq organlarini zamonaviy xizmat koʻrsatuvchi idoraga transformatsiya qilish edi.
Buning uchun Prezidentimizning 2022-yil 24-martdagi “Jahon banki ishtirokidagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Jahon banki loyihasi doirasida eng zamonaviy maʼlumotlarni qayta ishlash markazi qurildi.
Aholi va biznes uchun qulayliklarni koʻpaytirish, inson aralashuvini kamaytirish, soliq maʼmurchiligini yaxshilash va yashirin iqtisodiyotni jilovlashga qaratilgan yangi dasturiy mahsulotlar ishga tushirildi va ularning soni 74 taga yetdi. Interaktiv xizmatlar va servislar soni 80 dan, mobil ilovadan foydalanuvchilar soni 10,5 milliondan oshdi. Idoralararo hamkorlik doirasida oʻzaro elektron axborot almashish yoʻlga qoʻyilgan vazirlik va tashkilotlar soni 60 taga, integratsiya yoʻnalishlari soni 238 taga yetkazildi.
Natijada eng muhim tub burilish — soliq organlari tadbirkorlar yelkasidan soliqlarni hisoblashni oldi. Shu bois, bugun biznes vakillarining ertaga nima boʻlar ekan, degan qoʻrquvi yoʻq. Yer, mol-mulk soliqlari toʻliq — 100 foiz, qoʻshilgan qiymat soligʻi 88 foiz, aylanmadan olinadigan soliq (AOS) hisoboti 81,3 foiz avtomatik ravishda shakllanyapti.
Har bir tadbirkor, fuqaro oddiy telefoni orqali “Soliq” mobil ilovasidan foydalanib, dunyoning qaysi burchagida boʻlishidan qatʼi nazar, 24/7 rejimida istalgan savoliga javob olishi, majburiyatini bajarishi, rahbar yoki taʼsischi butun boshli biznesi buxgalteriyasi qanday ishlayotganini kuzatib borishi, qonuniy ishlayotgan biznes hamkorlarni tanlashi mumkin.
Endi soliq organi yopiq, kimni tekshirishni oʻzi hal qiladigan oldingi tizim emas. Tadbirkorning xatosini topib, uni darhol jazolovchi emas, aniqlangan xato va kamchiliklarni avval soliq toʻlovchining oʻziga tushuntirish va kamchiligini ixtiyoriy tuzatish imkonini beradigan tashkilotga aylandi. Birgina 2024-yilda 76,4 mingta subyekt ixtiyoriy ravishda qayta hisobot taqdim etib, unga koʻra soliq hisobotlarida 12,6 trillion soʻmlik soliq bazasi aks etdi. Natijada ushbu tadbirkorlarga nisbatan 2,5 trillion soʻmlik moliyaviy jarima qoʻllanishining oldi olindi.
Yana bir muhim jihat. Raqamli texnologiyalardan foydalanish yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish platformasiga aylanib, teng raqobat muhitini shakllantirish imkonini bermoqda.
2024-yil yakunlariga koʻra, mustaqil faoliyat yuritib kelayotgan 4,4 million (2025-yil birinchi chorakda 5 million)dan ortiq fuqaro oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida mehnat qilishning qonuniy yoʻliga oʻtdi.
Birgina yengil avtomobilda yoʻlovchi tashish faoliyatining oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar faoliyat turlari roʻyxatiga kiritilishi natijasida ilgari yashirin ishlagan 602,6 mingga yaqin taksi xizmati legallashtirildi.
Xususan, “YandexGo”, “Uklon”, “My taxi”, “Biznes taxi”, “GeoGo”, “Taxi OK” va boshqa agregatorlar xizmatidan 2025-yilning oʻtgan 3 oyida 353 mingga yaqin (2,3 mingdan ortiq ayol) oʻzini oʻzi band qilgan shaxs foydalangan boʻlib, ushbu davrda 1,9 trillion soʻmlik 106,8 millionta tashuv boʻyicha chek rasmiylashtirilgan. Ushbu agregatorlar tomonidan 2025-yilning I choragida 70,4 milliard soʻm (shundan 37,5 milliard soʻmi QQS) soliq toʻlangan. Vaholanki, ushbu soha vakillari 2023-yilda deyarli soliq toʻlamagan.
Shuningdek, sohaning raqamlashtirilishi Meta, Google, Apple, Amazon, Netflix, Booking.com kabi 63 ta yirik kompaniyaning Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtishiga sharoit yaratdi. Bu 2024-yilda 115,8 milliard soʻm soliq toʻlash yoki 2023-yilga nisbatan tushumning 1,5 barobar oʻsishiga xizmat qildi.
Bundan tashqari, mamlakatimizdagi ijtimoiy siyosatni qoʻllab-quvvatlash borasida himoyaga muhtoj aholiga qator oziq-ovqat mahsulotlari xaridida QQS qaytarish boʻyicha “Ijtimoiy keshbek” hamda isteʼmoldan orttirilgan elektr energiyasi boʻyicha “Quyoshli xonadon” xizmatlari orqali toʻlov tranzaksiyalari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2024-yilda “Quyoshli xonadon” xizmati orqali 10,8 ming foydalanuvchiga 12,2 milliard soʻm, “Ijtimoiy keshbek” xizmati orqali 142 mingta foydalanuvchiga 26,1 milliard soʻm toʻlab berildi.
Shuningdek, bozor ishtirokchilariga teng va shaffof raqobat muhitini yaratish hamda noqonuniy savdoning oldini olish, aholining sogʻligʻini saqlash, epidemiologik holatni boshqarishda foydalanish mumkin boʻlgan har bir dori vositasi harakatini zanjirli tarzda kuzatish imkoniyatiga ega “Aylanma monitoring tizimi” kompleksi ishga tushirildi.
2024-yilda aholi tomonidan doriga 19,7 trillion soʻm sarflangan boʻlib, aholi jon boshiga Toshkent shahrida — 1,7 million soʻm, Buxoroda — 746 ming soʻm, Samarqandda — 660,7 ming soʻmdan toʻgʻri kelgan.
Eng koʻp sotilgan dori vositalari quyidagi kasalliklarga toʻgʻri kelgan: birinchisi — yurakqon tomir, ikkinchisi — yuqumli kasalliklar uchinchisi — ogʻriq qoldiruvchi vositalar. Undan keyingi oʻrinlarni asab, oshqozon-ichak, nafas yoʻllari, tayanch-harakat tizimi, tomoq-burun, jigar, qandli diabet va boshqa kasalliklarda qoʻllanuvchi dori-darmonlar egallagan.
KPI tizimi mahallabay va korxonabay ishlash institutini yangi bosqichga chiqardi
Prezidentimiz 2024-yil 16-yanvarda oʻtkazilgan yigʻilishda soha masʼullari oldiga soliq organlarining asosiy ish kuchini mahallabay ishlash institutiga jalb qilish vazifasini qoʻygan edi.
Ayni paytda respublikamizdagi 9453 ta mahallaga soliq organining 4324 xodimi biriktirilib, mahalliy byudjetlar daromadini oshirish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tadbirkorlik subyektlari faoliyati rivojiga yelkama-yelka turib koʻmaklashish, qisqasi, yangi soliq bazasi yaratilishida ishtirok etish ularning asosiy vazifasi etib belgilangandi.
Shuningdek, mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida viloyat soliq organlarining faoliyati korxonabay tashkil etildi.
Soliq xizmati organi rahbar va xodimlarining mehnat faoliyati har bir yoʻnalishda 25 tagacha KPI koʻrsatkichlaridan iborat umumiy 100 ballik tizimda baholanadi va baholash natijalari har oy yakuni bilan Soliq qoʻmitasi rahbariyati tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
“Barcha tuzilmalar xodimlari faoliyatini baholash” axborot tizimi joriy etilib, hududiy soliq xizmati organlari rahbarlarining faoliyati ham baholab borilmoqda.
Mazkur tizimning mutlaqo shaffof va adolatli ekani shundaki, har bir xodim onlayn rejimda kim qanday ishlagani, qancha ball toʻplagani, kimdan oʻrnak olib, qanday marraga intilish kerakligini kuzatib boradi.
Yangi tizim qanday samara berdi?
Iqtisodiyotdagi ijobiy oʻzgarishlar qatori KPI tizimi orqali mahallabay va korxonabay ishlash tufayli 2024-yilda davlat byudjetiga 199,5 trillion soʻm tushirilib, 2023-yilga nisbatan 33,5 trillion soʻm koʻp yoki 20,2 foiz oʻsishga erishildi.
Ushbu oʻsish joriy yilda ham davom ettirilib, 2025-yil I chorakda 48,2 trillion soʻm tushirildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 20 foiz (7,9 trillion soʻm), hududlarda esa 25 foiz oʻsishga erishilganidan dalolat.
Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha 26,6 trillion soʻm tushirilib, tushum oʻtgan yilga nisbatan (Navoiy va Olmaliq KMKdan tashqari) 22,7 foiz (3,4 trillion soʻm) oʻsdi.
Tushumlardan tashqari oʻtgan yili vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 64,5 mingta tadbirkorlik subyekti bilan alohida ishlab, muammolari hal etilishida yordam berilishi natijasida ular faoliyati tiklandi.
129,3 mingta yangi dehqon xoʻjaligi roʻyxatdan oʻtkazildi, oʻzini oʻzi band qilgan 8,7 ming shaxs faoliyatini kengaytirib, YTTga aylandi, 947 YTTning faoliyati esa yuridik shaxs sifatida yiriklashtirildi.
Joriy yil boshiga nisbatan mahallalar kesimida kichik tadbirkorlar hisobiga ishchi sonining 41,4 mingtaga oshishiga erishildi. Ularning tovar aylanmasi I chorakda 15,7 trillion soʻmni tashkil etgani holda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 trillion soʻm (129,3 foiz) oshgani kuzatildi.
Xodimlarning samaradorlik koʻrsatkichi, erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar Soliq qoʻmitasining hayʼat yigʻilishlarida muhokama qilib boriladi. Halol va fidokorona ishlab, ishni samarali tashkil qilgan va KPI koʻrsatkichi yuqori xodimlar belgilangan tartibda ragʻbatlantirilmoqda. Qoʻmita rahbariyati nomidan ularning ota-onasiga tashakkurnoma yuboriladi.
Salbiy natija koʻrsatgan xodimlarga nisbatan mehnat qonunchiligi asosida choralar belgilanadi. Shuningdek, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻriladi.
Joriy yilning oʻtgan 3 oyida ijobiy natijaga erishgan 5530 xodim moddiy ragʻbatlantirildi. Shu bilan birga, past natija koʻrsatgan 949 xodimning masʼuliyati mehnat qonunchiligi asosida koʻrib chiqildi.
Islohotlarning xalqaro eʼtirofi
Yana bir muhim yoʻnalish sifatida KPI tizimi orqali erishgan koʻrsatkichlarimizni boshqa mamlakatlardagi holat bilan solishtirib boryapmiz va ularning yutuqlarini faoliyatimizda joriy etishga eʼtibor qaratyapmiz.
Jumladan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi doimiy eksperti bilan hamkorlikda soliq maʼmurchiligi boʻyicha bugun oldingi oʻrinlardagi, oʻrta va past darajadagi 20 ta davlat tanlab olingan.
Niderlandiya, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Polsha, Belgiya kabi soliq maʼmurchiligi ilgʻor davlatlar bilan birga aholisi, yer maydoni, ayrim koʻrsatkichlari oʻxshash boshqa oʻnlab davlatlar saralandi.
Xususan, YIMga nisbatan soliq organining 1000 nafar xodimiga toʻgʻri keladigan tushumlar ulushi bizda 1,4 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich solishtirilgan 20 ta davlatning 14 tasidan yuqori (6-oʻrinda).
Har bir xodimning ish haqi uchun sarflangan 1 dollar davlatga 178,2 dollar daromad keltirgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ga aʼzo mamlakatlarda davlat daromadining oʻrtacha 62 foizi soliq maʼmurchiligi tushumi orqali shakllanayotgan boʻlsa, Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 72 foizni tashkil etmoqda.
Soliq organlaridagi raqamlashtirish jarayoni natijalari nafaqat yurtimizda (“Soliq” mobil ilovasi 2 yildan buyon yil brendi mukofotiga loyiq koʻrilmoqda), balki xalqaro moliya institutlari tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Avvallari biz chet elga borib oʻrgangan boʻlsak, endi yurtimizga kelib, bizdan oʻrganishyapti.
Jumladan, birgina 2024-yilda oʻtkazilgan 2 ta xalqaro tadbirda boshqa davlatlardan kelgan hamkasblarimiz, moliya-iqtisodiyot sohasi vakillari aynan bizning tajribamizni oʻrgandi.
Xususan, 2024-yil 28-29-fevral kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan XVI “Ipak yoʻli” soliq forumida qatnashgan mehmonlar Oʻzbekistonning soliq sohasini raqamlashtirish tajribasini oʻrganib ketdi. Shuningdek, 28-30-may kunlari Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Kavkaz, Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston mintaqalarida salohiyatni oshirish markazi bilan hamkorlikda “Soliq maʼmuriyatchiligi: Raqamli asrda soliq qonunchiligiga rioya qilinishini yaxshilash” mavzusida Samarqand shahrida oʻtkazilgan xalqaro seminarda ham ayni yoʻnalishdagi tajribamiz tadbirning asosiy mavzusi boʻldi.
KPI tizimi soliq organlari faoliyatida har bir xodimning oʻzini oʻzi nazorat qilishini taʼminlaydigan, natijadorlikka qaratilgan samarali instrument ekanini amaliyotda isbotladi. Uni yanada takomillashtirish, yangi mezonlarni joriy etish, ayniqsa, tadbirkorlarga koʻrsatiladigan xizmat turlarini koʻpaytirishga eʼtibor qaratamiz.
Bu tizim, oʻz navbatida, joriy yilda ham davlat byudjetiga 224 trillion soʻm (prognoz koʻrsatkichlarga koʻra) hamda 15 trillion soʻm qoʻshimcha daromad tushirishimizni kafolatlaydi.
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 19-aprel kungi 80 (1406)-soni