Soliq xizmatida mas’uliyat va natija – bosh mezon
2025-05-15 18:15:00 / Qo'mita yangiliklari

Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida soliq organlarida “mahallabay” va “korxonabay” ishlash tizimlari joriy etilib, ularning samaradorligi soliq tushumlarining ortishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Har bir soliq to‘lovchi bilan individual ishlash ikki tomon faoliyatida ijobiy o‘sish natijalarini bermoqda.
Soliq xizmati organlari rahbar va xodimlarining mehnat faoliyati har bir yo‘nalish bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. Natijalar oy yakunida Soliq qo‘mitasi rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Galdagi uchrashuv Samarqand viloyatida Soliq qo‘mitasi Raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligida 2025-yil aprel oyi natijalari tahlili va may oyini samarali yakunlash bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda qo‘mita markaziy apparati va viloyat rahbarlari, shahar va tuman inspeksiyalari rahbarlari,“mahallabay” hamda “korxonabay” ishlash tizimida faoliyat yurituvchi xodimlar (videokonferensaloqa shaklida) ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, yig‘ilishda “mahallabay” va “korxonabay” ishlash tizimlari doirasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Aprel va may oylarida past ko‘rsatkich qayd etgan inspeksiya rahbarlari tinglandi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Natijada, faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun viloyat soliq boshqarma boshlig'ining birinchi o‘rinbosari, KPI ko‘rsatkichi past bo‘lgan Urgut tumani rahbari lavozimidan ozod etilib, boshqarmadagi vakant lavozimlarga, Pastdarg‘om tumani soliq inspeksiyasi rahbari ijobiy natijalari uchun bosharmaga o‘tkazish topshirildi. Shuningdek, o‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 nafar xodimga nisbatan mehnat qonunchiligiga muvofiq intizomiy choralar qo‘llanildi.
Hududiy soliq organlari faoliyatini samarali tashkil etish, xodimlar shaxsiy javobgarligini oshirish hamda soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati – tizimdagi asosiy ustuvor yo‘nalish
ekani qo‘mita raisi tomonidan yana bir bor ta’kidlandi.