Tibbiyot sohasidagi yangilanishlardan ko'zlangan asosiy maqsad-muddao nimalardan iborat?
2025-06-19 16:00:00 / Yangiliklar

Bu jarayonda Prezidentning shu yil 19 maydagi "Respublikada sog'liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to'g'risida" Farmoni va uning ijrosiga yo'naltirilgan qarori dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.
Xo'sh, bu yangilanishlardan ko'zlangan asosiy maqsad-muddao nimalardan iborat?
Yuqorida nomlari keltirilgan hujjatlardan kelib chiqib, 2025 yil 1 iyuldan respublikaning 15 ta tuman (shahar)larida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida sog'liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modelini yo'lga qo'yish doirasida sohani takomillashtirishning asosiy maqsadlari belgilandi.
Birinchi maqsad — birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko'rib chiqish orqali oilaviy poliklinikalarda ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifat va samaradorligini oshirish.
Ma'lumki, bu borada xalqaro miqyosda katta tajriba to'plangan bo'lib, undan samarali foydalanish biz uchun ayni muddaodir.
Ikkinchi maqsad — Sog'liqni saqlash vazirligining tuman (shahar) darajasidagi bo'linmasi, oilaviy poliklinikalar, Markaziy shifoxonaning vazifa va funktsiyalarini hamda tibbiy yordam ko'rsatishda aholi va tibbiyot xodimlarining huquq va majburiyatlarini aniq belgilash.
Bu nihoyatda muhim. Qachonki, tuzilmalarning funktsiya va vazifalari, aholi va tibbiyot xodimlarining huquq va majburiyatlari aniq belgilansa, bu ish samaradorligini ta'minlashda qo'l keladi.
Uchinchi maqsad — tibbiyot xodimlari bilim va malakasini oshirish, ular mehnatiga munosib haq to'lash tizimini joriy qilish.
Sir emas, bugun har qanday islohot istiqbolini bilimli va malakali kadrlar hal qiladi. Shu ma'noda, bu masalaga e'tibor yanada oshirilayotgani ayni muddaodir.
To'rtinchi maqsad — Sog'liqni saqlash vazirligining vertikal boshqaruvida tuman (shahar) bo'g'inini isloh qilish orqali islohotlarni jadallashtirish va monitoring qilish.
Buni eng to'g'ri echim, degan bo'lardik. Negaki, quyi bo'g'in yaxshi ishlasa, islohotlar o'z-o'zidan jadallashib ketishi turgan gap.
Beshinchi maqsad — aholiga tibbiy xizmat ko'rsatishda qisqa muddatli chora-tadbirlarni o'z ichiga olgan "tibbiyotda 90 kunlik o'zgarishlar vaqti" dasturini amalga oshirish.
Bu dasturning o'zi ko'plab vazifalarni qamrab olgan bo'lib, bularning barchasi pirovardida soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko'rinib turibdiki, hozirgi yangilanishlar jarayonida ulkan maqsadlar ko'zda tutilgan. Ularning hammasini birlashtirib turgan jihat esa odamlar roziligiga erishish. Ishonamizki, barcha vazifalar muvaffaqiyatli ijro qilinadi va xalqimizning tibbiyotdan roziligi yanada oshadi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.