Homiladorlar TORCH infektsiyasiga qachon tahlil topshirishi kerak?
2025-06-20 11:25:00 / Yangiliklar

— Bugun ko'pchilik ayollar homilador bo'lganidan bir necha oy o'tib, TORCH-infektsiyasiga tahlil topshiradi. Biroq bu xato, — deydi mutaxassis. — Aslida homiladorlikdan 2-3 oy avval, ya'ni uni rejalashtirish paytida tekshiruvdan o'tish, agar natija musbat bo'lsa, virusga qarshi zarur dori-darmonlarni qabul qilish maqsadga muvofiq.
Ana shunda ayol organizmi virusni vaqtida enga oladi va tanada mazkur infektsiyalarga qarshi antitanachalar hosil bo'ladi. Shuningdek, bu – homiladorlikkacha davo va profilaktika choralarini ko'rish imkonini beradi.
Shifokor tavsiyasiga ko'ra, TORCH-infektsiyani homiladorlik davrida ham tekshirtirib borish zarur.
Bu viruslar guruhining o'ziga xosligi shundaki, uning alomatlari mutlaqo kuzatilmasligi yoki kam namoyon bo'lishi mumkin. Jumladan, toshma, isitma kabi klinik belgilar orqali tashxis qo'yish biroz murakkab. Shu bois eng aniq diagnostik usul qonda immunoglobulinlarni tekshirishdir.
Buning uchun och qoringa qon tahlili topshiriladi. Tekshiruvgacha bo'lgan 3 hafta davomida antibakterial va virusga qarshi preparatlar qabul qilmaslik lozim.
Tahlil natijalari ma'lum bo'lgach, albatta, davolovchi shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.