DAVLAT DASTURIDA SUV MASALASI
2025-02-11 12:15:00 / Yangiliklar

Farmonda 1 ming kilometr kanallarni beton qoplamaga o‘tkazib, suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 1,6 million gektarga yetkazish hisobiga yiliga qo‘shimcha 2,5 milliard metr kub suvni tejashga erishish;
nasos stansiyalarida eskirgan nasos va elektr dvigatellarni zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, suv resurslari hisobini takomillashtirish orqali nasos stansiyalarining elektr energiya iste’moli 300 mln kVtgacha kamaytirish;
irrigatsiya va melioratsiya tizimlari ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali 390 ming gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash;
sarflanayotgan suvning hisobi va hisoboti to‘liq yuritilishini ta’minlash maqsadida magistral kanallar va muhim suv ob’ektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orish tizimini joriy etish natijasida yashillik darajasini oshirish masalasiga e’tibor qaratilgan.
Farmon bilan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Amaliy tadbirlar rejasidagi 62-maqsad respublikada suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirishni nazarda tutadi. Unda hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtirish, mahalliy korxonalarning suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, kanallarda suv yo‘qotilishining oldini olish bo‘yicha zamonaviy va samarali yondashuvlarni joriy qilish vazifalari belgilangan.
63-maqsad qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashni ko‘zda tutadi. Unda melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali sug‘oriladigan yerlarda sho‘rlangan maydonlarni 26 ming gektargacha kamaytirish vazifasi belgilangan.
64-maqsad irrigatsiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soha boshqaruviga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgan.
Suv xo‘jaligi ob’ektlarida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish, irrigatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb qilish, davlat-xususiy sheriklikni keng joriy qilish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish vazifalari belgilangan.
Suv xo‘jaligi vazirligining tizim tashkilotlari hisobidagi 200 ta nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish orqali elektr energiyasi iste’moli 30 foizgacha kamaytiriladi.
Bundan tashqari, mahallalarda ariqlar holatini nazorat qilish va ularni soz holatda saqlash choralari kuchaytiriladi. Yopilib qolgan va nosoz holatdagi ariqlarni tiklash ishlari amalga oshiriladi.
65-maqsad “Yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy qilish doirasida nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste’molini kamaytirishni nazarda tutadi.
Eskirgan 150 ta nasoslar zamonaviy energiyatejamkor turlariga almashtiriladi. Energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatish va modernizatsiya qilish orqali nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 6,8 mlrd kVt dan oshirmaslik choralari ko‘riladi.
Axborot xizmati