Zahiriddin Muhammad Bobur
2025-02-14 12:10:00 / Yangiliklar

Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.
Mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko‘ra 1993-yilda Bobur tavalludining 510 yilligi tantanali nishonlandi.
Andijon shahrida Bobur nomida universitet, teatr, kutubxona, milliy bog‘ («Bog‘i Bobur») bor. Bobur milliy bog‘i majmuasida «Bobur va jahon madaniyati» muzeyi, shoirning ramziy qabr-maqbarasi bunyod etilgan.
Andijondagi markaziy ko‘chalardan biriga, shuningdek Toshkentdagi istirohat bog‘i va ko‘chaga, Andijon viloyati, Xonobod shahridagi istirohat bog‘iga Bobur nomi berildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bobur nomidagi medali ta’sis etildi. Sharqshunos olim Ubaydulla Karimov bu medalning birinchi sovrindori bo‘ldi.
Toshkent va Andijon shaharlarida Bobur Mirzoning muazzam haykallari o‘rnatilgani, uning tug‘ilib o‘sgan yurti — Andijon shahrida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va uning tasarrufidagi «Bobur va jahon madaniyati» kitob muzeyi faoliyat ko‘rsatayotgani, «Bobur ensiklopediyasi», «Bobur kulliyoti», «Babur. Baburidы. Bibliografiya» deb nomlangan salmoqli asarlarning nashrdan chiqarilgani, «Bobur va dunyo» jurnalining tashkil qilingani madaniy hayotimizda katta voqea sifatida e’tirof etildi.
Buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mohiyatini, uning yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, farzandlarimizni shu asosda Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, Bobur Mirzoning ilmiy va ijodiy merosini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yanada chuqur o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida muhim hujjat qabul qilindi. 2023-yil 25-yanvarda mamlakatimiz Prezidenti “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi zahiriddin muhammad bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi 20-sonli qarorni imzoladi. Shu asosda 2023 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlandi.
Jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga — Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Gulzoda Xurramova,
O‘zbekiston Respublikasi IIV 2-son Toshkent Akademik litsey o‘qituvchisi