SUV XO‘JALIGI SOHASIDA MEHNAT QILAYOTGAN XOTIN-QIZLARGA BAYRAM TABRIGI
2025-03-07 09:05:00 / Yangiliklar
Siz, azizlarni, shu bilan birga, suvchi oilasidagi munis onaxonlar, lobar qizlarni tabiat chiroy ochib borayotgan mana shu ilk bahor kunlarida, ayni shu shukuhli ayyomda 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bu yilgi bayram xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyida nishonlanishi uning tarovatini yanada oshirdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sohada olib borilayotgan islohotlarda, keng ko‘lamli o‘zgarishlar va erishilayotgan natijalarda ayollarimizning munosib hissasi borligini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.
E’tibor va rag‘bat, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashlar natijasida savobli kasb bo‘lgan suvchilik sohasini tanlayotgan xotin-qizlar safi yil sayin kengayib bormoqda.
Bu boradagi ezgu harakatlarimiz davom ettiriladi. Ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yilgan O‘zbekiston suv xo‘jaligining 2030-yilgacha bo‘lgan gender konsepsiyasi qabul qilinishi ana shu ishlarni yuqori bosqichga olib chiqadi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.
Suvchilar oilasida yana Diyora Keldiyorovadek Vatanimiz sharafini dunyoga tarannum etadigan chempionlar, iste’dodlar yetishib chiqishiga ishonaman.
Aziz va qadrli opa-singillar!
Sizlarni o‘zingiz kabi chiroyli bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
O‘ylagan ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin!
Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog‘ida bo‘ling!
Shavkat Xamraуev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri
2025-yil 6-mart