KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH BO‘YICHA HUJJATLAR IMZOLANDI
2025-04-26 12:05:00 / Yangiliklar

Korrupsiya – dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biri. U, eng avvalo, rivojlanish va islohotlar yo‘lidagi ulkan to‘siqdir.
Shu bois so‘nggi yillarda yurtimizda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq muhit shakllandi.
Joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berildi.
Yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar etish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida “halollik vaksinasi” tamoyili asosida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ikkita muhim hujjat – Farmon va qaror imzolandi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-71-sonli Farmonida keskin va ta’sirchan huquqiy mexanizmlar nazarda tutilgan.
Farmonga binoan, har yili hududlar kesimida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”si tasdiqlanadi, ijrosi nazoratga olinadi.
Oliy Majlis palatalariga:
- har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish;
- vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash;
- mas’ul idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzgan holda “jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi” davomida har oyning 1–5 sanalarida reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga tushib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish kabi tadbirlar tavsiya etildi.
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yiladi. Xususan,
- prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi;
- sektorlar ishiga Bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Farmonda iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra,
- davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;
- 2025-yilning 1-iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
- “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.
2025-yil yakuniga qadar xalqaro tender ob’ektlari bo‘yicha subpudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilish, qiymati 2 mln AQSh dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlarni “Shaffof qurilish” tizimida o‘tkazish hamda xalqaro tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilanadi.
Korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi.
Prezidentimizning 2025-yil 21-apreldagi “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-147-sonli qarorida bu boradagi vazifalar belgilangan.
Qarorga muvofiq,
davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida esa kuzatuv kengashiga bo‘ysunadi va uning oldida hisobdor bo‘ladi;
davlat organlari va tashkilotlari hududiy bo‘linmalari va tarkibiy tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari tomonidan tayinlanadi hamda faoliyati ular tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2027-yil 1-yanvargacha Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment joriy etiladi. Unga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “O‘zsuvta’minot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari tayinlanadi;
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqiy eksperimentning natijalarini tahlil qilish asosida 2027-yil 1-yanvarga qadar ushbu tizimni boshqa davlat organlari va tashkilotlariga ham tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi.
Farmon va qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida jamiyatda barqarorlik muhiti va odamlarning roziligi ortadi. Aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksalib, korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik tuyg‘usi mustahkamlanadi.
Axborot xizmati