Andijon viloyatidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona magistral kanalining PK-194+60 piketida dambaning suv yuvib ketish holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining rasmiy bayonoti
2025-05-08 12:50:00 / Yangiliklar

Vazirlik topshirig‘iga ko‘ra, vaziyatni o‘rganish va zaruratga ko‘ra tegishli tadbirlarni amalga oshirish uchun “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i I.Toirov, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi rahbari R.Rahimov, inspeksiyaning Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Sultonov, Farg‘ona magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Abdusamatov hamda tegishli idoralarning vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzilgan va ular zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.
Mazkur obyekt Andijon, Farg‘ona viloyatlari va qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi hududlaridagi ijtimoiy obyektlar va qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun kanalning PK-194+60 piketida “Gidroproekt” MChJ loyihasi asosida “Gidroqurilish buyurtmachi xizmati” MChJ buyurtmasi bilan GES qurish ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruhining aniqlashicha, PK-194+60 piketda kanalning loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati 80 m3/sek. bo‘lib, holat yuzaga kelgan vaqtda kanaldan 60 m3/sek suv o‘tib turgan.
Favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun Andijon suv omboridan suv chiqishi to‘xtatildi. Hozirda kanalda 30 m3/sek suv qolgan bo‘lib, soat 14:00 gacha to‘liq to‘xtatiladi.
Kanaldagi o‘tgan suv Quyi Janubiy Farg‘ona kanaliga yo‘naltirilmoqda. Hozirda aholi xonadonlariga suv oqishini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Kanalning dambasini tiklash bo‘yicha shtab tashkil etilib, rahbar xodimlardan iborat doimiy navbatchilik yo‘lga qo‘yildi. Favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun 10 ta samosval, 4 ta kara, 2 ta buldozer, 8 ta ekskavator va 50 dan ortiq ishchi-xodimlar jalb qilindi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati